Ijtimoiy sheriklik sohasida o‘zaro hamkorlik
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy sheriklik sohasi: davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorlik istiqbollari” mavzuida seminar tashkil etildi.
Taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” deb nomlangan birinchi yo‘nalishidagi fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tashkiliy-huquqiy, moliyaviy-iqtisodiy va institutsional jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi. 
Shuningdek, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, inson qadri ulug‘langan adolatli huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish masalalari seminarning asosiy maqsadi etib belgilandi.
Seminarda soha vakillari mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy sheriklik munosabatlarining huquqiy asoslari, 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida belgilangan vazifalar xususida batafsil ma’lumot berdi. Yoshlar sohasida 2021 yil davomida ajratilgan davlat ijtimoiy buyurtmalari kabi masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etildiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyat erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati kuchaytirilmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash masalasi mazkur farmon bilan tasdiqlangan konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 apreldan boshlab Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilindi va har yil yakunlari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ijtimoiy sheriklik darajasi, ajratilgan subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar natijadorligi va boshqa muhim faoliyat ko‘rsatkichlari asosida ularning reytingi tuziladi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi tomonidan Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining shaffoflik standarti ham tasdiqlandi.
Natijada 100 dan ortiq respublika nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan 2021 yildagi faoliyati yuzasidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida “Eng shaffof nodavlat notijorat tashkilotlari top-20” ro‘yxati e’lon qilindi. Seminarda mazkur eng shaffof nodavlat notijorat tashkilotlarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Mazkur reytingga kiritilgan nodavlat notijorat tashkilotlarining amalga oshirgan ijobiy ishlari jamoatchilik o‘rtasida ommalashtiriladi. Ijtimoiy sheriklik doirasida davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar olishga tavsiyalar (yo‘llanmalar, sertifikatlar) beriladi, moddiy-texnik bazasini (orgtexnika, kompyuter, boshqa texnik vositalar, bino bilan ta’minlash hamda boshqalar) mustahkamlashga belgilangan tartibda ko‘mak beriladi.
N.Usmonova, O‘zA