Ijtimoiy muhofaza doimiy e’tiborda
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Buloqboshi tumanidagi “Yong‘oqzor” tantanalar saroyida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Andijon viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Abrorbek Ahmadaliyev, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Shuhratbek Jalilov, sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, tumanda istiqomat qilayotgan nogiron fuqarolar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish, muammolarini bartaraf etish, turmush sharoitlarini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi alohida ta’kidlandi.


Tadbir ishtirokchilari uchun bayram dasturxoni yozildi, ularga sovg‘a salomlar ulashildi, hurmat, ehtirom ko‘rsatildi.
Tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga xush kayfiyat ulashdi.


Shuningdek, tuman hokimligi, nogironlar jamiyati, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘linmalari tomonidan tadbirda ishtirok eta olmagan nogironlarning xonadonlariga borib, ularning holidan xabar olindi.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.