Ijtimoiy himoya: manzilli ko‘mak va yangi imkoniyatlar (Video)
Inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi va farovon hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Farmon va ijro
Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy ko‘makka ehtiyoj sezadigan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, munosib daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun imkoniyat yaratish, shuningdek, qulay va inklyuziv mehnat muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada ijtimoiy xizmatlar tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan yordamning manzilliligi va samaradorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularga ko‘rsatilayotgan yordamni manzilli tashkil etishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.
Mazkur hujjatga muvofiq, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning bandligini ta’minlash, ular uchun qulay va inklyuziv mehnat muhitini yaratish, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlash inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan siyosatning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Bugun O‘rta Chirchiq tumanida ham bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning asosiy maqsadi ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish barobarida har bir insonning o‘z imkoniyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, munosib mehnat qilishi hamda barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat.
Xususan, Rovatak mahallasida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini o‘rganish, ularni qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash borasida mahalladagi yettilik vakillari tomonidan samarali ishlar tashkil etilgan.

Buning amaliy natijasini Yangi mahalla ko‘chasi, 1-uyda yashovchi, bolalikdan II guruh nogironligi bo‘lgan Sunnatillaxo‘ja Ergashev misolida ham ko‘rish mumkin.
Uning oilasi asosiy daromadni dehqonchilikdan oladi. Oilaviy sharoiti va mavjud imkoniyatlari inobatga olinib, davlat tomonidan S.Ergashevga motokultivator berilishi esa uning mehnat faoliyatini yanada kengaytirish imkonini yaratdi.
– Asosiy daromadimiz dehqonchilikdan, – deydi Sunnatillaxo‘ja Ergashev. – Oilaviy sharoitim va mavjud imkoniyatlarim hisobga olinib, davlatimiz tomonidan motokultivator berildi. Shuning ortidan kuniga 150 ming so‘mgacha daromad qilaman. Bundan tashqari, 30 sotixli tomorqamizda mavsumda pomidor, bodring, bulg‘ori qalampiri yetishtiraman. Shu mehnatimiz tufayli oilaviy sharoitimiz ancha yaxshilandi.
Darhaqiqat, ijtimoiy himoyaning zamonaviy yondashuvlari insonni faqat moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanib qolmasdan, uning mehnat qilishi, kasb-hunar egallashi, daromad topishi va jamiyatda faol ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratishga qaratilmoqda.
O‘rta Chirchiq tumanidagi bu kabi amaliy ishlar esa ijtimoiy ko‘makning manzilli va natijador bo‘lishi, insonning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi hamda oila farovonligini ta’minlashida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A.Musayev, O‘zA