Ijodiy-ma’rifiy kecha muxlislarga manzur bo‘ldi
Poytaxtimizda O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov hamda O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov rahbarligidagi Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli ishtirokida ijodiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan 2024 yilda xalqimizni musiqa san’atining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish maqsadida turkum ijodiy-ma’rifiy kechalar tashkil etildi. Ushbu dasturlar o‘zining baland saviyasi, ko‘tarinki ruhi, o‘zida musiqa san’atining eng sara va bebaho asarlarini jamlagani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.

Jumladan, o‘tgan yil davomida mazkur muhtasham saroyda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva, Vatanimizning eng yorqin opera yulduzi Jenisbek Piyazov, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, O‘zbekiston xalq artistlari Furqat Ashuraliyev hamda Elmurod Ahmedov va boshqa san’at ustalari ishtirokida konsert dasturlari muxlislar e’tiboriga havola etildi.

O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov bir necha yillardan buyon madaniyat vaziri sifatida samarali faoliyat olib borishi bilan birga betakror san’atkor sifatida xalqimizga eng dilbar qo‘shiqlarni taqdim etib kelmoqda. Ayni paytda uning qo‘shiqlari nainki mamlakatimiz, balki xorijiy davlatlarda ham katta shuhrat qozongan.

Ijodiy-ma’rifiy kechada Vatanimiz, istiqlolimizni, samimiy tuyg‘ularni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, milliy san’atimiz rivoji yo‘lida fidokorona mehnat qilgan ustozlar xotirasiga bag‘ishlangan musiqiy asarlar ijro etildi.
N.Usmonova, O‘zA