Ijod va iste’dod ezgulikka xizmat qilsin!
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi asosida o‘tkazilayotgan "Xiyobon oqshomlari" ijodiy loyihasining navbatdagi tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda she’riyat muxlislari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, talabalar jam bo‘ldi.
Milliy adabiyotimiz rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tibor ijod ahlini yanada ko‘proq ruhlantirishi bilan birga kitobxonlik madaniyatini yanada oshirishga xizmat qilayotir.
She’riyat kechasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid iste’dod, ijod faqat ezgulikka xizmat qilmog‘i kerakligini, yoshlar uchun mo‘ljallangan ijodiy seminarlar, turli ma’rifiy loyihalar yanada kengroq ko‘lam va mazmunda davom etajagini ta’kidladi.
Darhaqiqat, milliy adabiyotimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida poytaxtimizda bunyod etilgan Adiblar xiyoboni bugun milliy adabiyotimizning eng fayzli va so‘lim maskaniga aylanganini bugun adabiyot muxlislari, yurtimizga xorijdan kelayotgan mehmonlar alohida e’tirof etmoqdalar.

– O‘z davrida ustoz Oybek "Navoiy" romanini yozgani uchun, yana boshqa adibimiz Zahiriddin Muhammad Bobur haqida, Maqsud Shayxzoda sulton Jaloliddin Manguberdi haqida doston bitgani uchun qancha-qancha ta’qiblarga uchragan, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – bugungi yangilanish jarayonlari adabiyot ahliga emin-erkin, barakali ijod qilish uchun keng imkoniyatlarni yaratdi.
Adabiyot kechasida olim Bahodir Karimov, shoir Abdurazzoq Obro‘y, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adiba Ma’mura Zohidova, Guljamol Asqarova milliy adabiyotimizdagi yangilanish jarayonlari xususida batafsil so‘z yuritdilar.
Ustoz shoirlar, yosh ijodkorlar o‘zlarining yangi she’rlaridan namunalarini o‘qib berdilar.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri