Ijod maktablariga 50 dona kompyuter sovg‘a qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim mavzusida o‘tkazilgan videoselektorda xorijiy davlat elchilarining xorijiy ilg‘or tajribalarni joriy etishga shaxsan mas’ulligi belgilab qo‘yilgan edi.
Shunga asosan, o‘quv dasturlari, adabiyotlar va jihozlar, malakali pedagoglar va moliyaviy grantlarni jalb qilish bo‘yicha Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan elchixonalar bilan bir qancha muzokaralar olib borilmoqda. Ikki tomonlama dasturlar asosida ish yuritilmoqda.
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida turk kompaniyalari tomonidan beg‘araz yordam ko‘rsatilmoqda.

Jumladan, Turkiya kompaniyalari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi hamda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktablari uchun 50 dona kompyuter ajratildi.

Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida kompyuterlarni topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
– Biz almashinuv dasturlari, o‘qituvchilar malakasini oshirish va xalqaro tanlovlarda o‘quvchilarimiz ishtirokini ta’minlash kabi yo‘nalishlarda Tashqi ishlar vazirligi va elchixona vakillari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Bu imkoniyatlarning bari yoshlar uchun, – deydi agentlik rahbari Hilola Umarova.
Tadbir so‘ngida mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan taqdim etilgan 50 dona kompyuter ijod maktablariga topshirildi. Tadbir davomida ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar tadbirning fayzli o‘tishiga xizmat qildi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA