Ijod maktabi qizlarining ilk kitoblari nashrdan chiqdi
Yaqindagina yurtimiz mustaqilligining 30 yilligini keng miqyosda nishonladik, «Bilimlar kuni»ni quvonch bilan kutib oldik. Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida bu bayramlarga yana bir bayram ulanib ketdi. Ijod maktabining besh nafar ijodkor qizlarining ilk kitoblari — ko‘ngil izhorlari nashrdan chiqdi.
Shu munosabat bilan ijod maktabida tashkil etilgan taqdimot marosimida so‘zga chiqqan maktab direktori, shoir Muhammad Ismoil: «Yoshlarga bo‘lgan e’tibor bugungi kunda eng yuqori darajaga ko‘tarildi, siz yosh ijodkorlar bunga «labbay» deb javob berishingiz zarur», deya uqtirdi.
Kitoblari taqdimoti o‘tkazilayotgan ijodkor o‘quvchilar ham tadbirda so‘z olib, bugungi kun ular uchun unutilmas kun bo‘lib qolajagini alohida aytishdi.
Ayniqsa, ijodkor o‘quvchilarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, taniqli shoir Sirojiddin Sayyid tomonidan oq yo‘l tilandi.

7-sinf o‘quvchisi Zulhayo Mingboyevaning birinchi kitobi «Ko‘klam qo‘shig‘i», 10-sinf o‘quvchisi Dilafruz G‘ofurovaning kitobi «Quyosh ishqi», Sitora Naimjonovaning kitobi «Kulchamning kulgichi» deb nom olgan. Shuningdek, Nasiba Boshmonovaning kitobi «Ko‘ngildan dastxat», Mushtariy Toshpo‘latovaning kitobi esa «Mehr gullari» deya atalgan. Shu nomlarning o‘ziyoq kitoblarning naqadar samimiy, bolalarcha beg‘ubor tuyg‘ularga boy ekanligini isbotlab turibdi.
Halima Xudoyberdiyeva kabi atoqli shoiraga munosib izdosh bo‘lishga harakat qilayotgan qizlarning adabiyotga ilk qadamlari qutlug‘ bo‘lsin.
Xursandoy Sotvoldiyeva,
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi