IIV: Qurbon hayiti kunlari tinchlik va osoyishtalik ta’minlanadi
Yurtimiz bo‘ylab muqaddas Qurbon hayitini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ushbu ulug‘ ayyom kunlari aholi tinchligi va xavfsizligini ta’minlash juda muhim.
Shu yo‘nalishda huquq-tartibot idoralari qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Bu savolga Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosov javob berdi:
– Muborak ayyomni xalqimiz yuqori kayfiyatda kutib olmoqda. Minglab yurtdoshlarimiz Haj amallarini bajarayotgan ushbu kunlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bayramni kutib olish uchun katta tayyorgarlik ko‘rildi.
Bu yil qariyb 2 million nafardan ortiq fuqaro 2,1 mingdan ziyod masjidga tashrif buyurib, hayit namozlarida ishtirok etishi kutilmoqda. Ular uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, namoz vaqtida osoyishtalikni ta’minlash va favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar va Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mas’ul idoralarning 23 mingga yaqin shaxsiy tarkibi kuchaytirilgan tartibda xizmat olib boradi.
An’analarga ko‘ra, Qurbon hayitida yurtdoshlarimiz qabristonlarni ziyorat qiladi. Shu bois, 9 mingdan ortiq musulmon qabristonlariga tashrifi kutilayotgan 1 milliondan ortiq aholi xavfsizligini ta’minlash, bundan tashqari, yurtimizdagi 200 dan ortiq bozor va savdo majmualari atrofi va ularga tutash yo‘llarda harakat xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash maqsadida qariyb o‘n mingga yaqin huquq-tartibot organlari xodimlari va harbiy xizmatchilaridan iborat patrul guruhlari xizmatga jalb etiladi.
Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida masjidlar, qabristonlar va jamoat joylaridagi avtoturargohlardan tashqari 100-150 metr masofada alohida avtoturargohlar tashkil etiladi.
Yo‘lovchilarning manzillariga o‘z vaqtida, xavfsiz yetib borishi uchun muntazam nazorat maskanlari, aeroportlar va temir yo‘l vokzallari, “Toshkent metropoliteni” ob’ektlariga xizmat ko‘rsatuvchi bo‘linmalar kuchaytirilgan xizmat tartibiga o‘tkaziladi.
N.Abduraimova,
O‘zA