IIV: jinoyatlarning oqibati bilan emas, ularni keltirib chiqarayotgan sabablar bilan kurashiladi
Ichki ishlar vazirligida joriy yilning 8 oyi davomida jinoyatchilikka qarshi kurashish, kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash, aholi bilan manzilli ishlash hamda profilaktika choralarining samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov rahbarligida, vazir o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar hamda hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari hamda shaxsiy tarkibi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimizning 2026-yil 26-avgustdagi «Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash tizimini transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida», 4-sentabrdagi «Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlarida belgilangan vazifalarga e’tibor qaratildi.
Zamonaviy ichki ishlar organlari uchun yuksak kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalana oladigan, vaziyatni tahlil qilish va mustaqil qaror qabul qilish salohiyatiga ega professional kadrlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Shu bois kadrlar tayyorlash tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, xodimlarning xizmat davomida kasbiy salohiyatini muntazam oshirib borish zarur.

Shu bilan birga, jamoat xavfsizligini ta’minlashda yangicha ishlash tizimini amaliyotga samarali joriy etish, faoliyatni natijadorlik va shaxsiy mas’uliyat tamoyillari asosida tashkil etish talab etildi. Bunda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oqibati bilan kurashish emas, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni barvaqt aniqlash, profilaktik choralarni kuchaytirish hamda har bir hududdagi vaziyatdan kelib chiqib manzilli ishlashga ustuvor ahamiyat qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda qarorlarda belgilangan vazifalarni qog‘ozdagi hisobotlar bilan cheklamasdan, ularning ijrosini joylarda ta’minlash, har bir rahbar va xodimning vazifasi hamda mas’uliyatini aniq belgilash, eng muhimi, amaliy natijaga erishish bo‘yicha qat’iy talablar belgilab berildi.

Qayd etilganidek, yangi yondashuvlarning samarasi, avvalo, aholi bilan ishlash sifati, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va fuqarolarning ichki ishlar organlariga bo‘lgan ishonchida namoyon bo‘lishi kerak.
Yig‘ilish davomida joriy yilning 8 oyida muayyan natijalarga erishilganiga qaramasdan, ayrim hududlarda jinoyatchilikka ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni chuqur tahlil qilish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.

Ayniqsa, sodir etilgan jinoyatlarni keltirib chiqargan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish masalasi ikkinchi darajaga tushib qolayotgani tanqid qilindi.
Vazir tomonidan hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga kriminogen vaziyatni faqat umumiy statistik ko‘rsatkichlar asosida baholamasdan, har bir mahalla, ko‘cha va oila kesimida tahlil qilish, jinoyat sodir etilishiga olib kelayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq choralarni ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Bunda har bir hududda jinoyatchilikning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, profilaktika ishlarini qayta ko‘rib chiqish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar, muammoli oilalar va nazoratga muhtoj holatlar bilan manzilli ishlashni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan har bir masala yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Hududiy ichki ishlar organlari rahbarlaridan kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, jinoyatlarning oldini olishda profilaktik yondashuvni kuchaytirish, ijtimoiy muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning yechimigacha borish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish talab qilindi.
N.Abduraimova,O‘zA