IIV: G‘uzorda 22 nafar o‘quvchida zaharlanish alomatlari kuzatildi – jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi 51-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarida zaharlanish alomatlari kuzatilgani yuzasidan rasmiy axborot berildi.
Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilinishicha, 23-sentabr kuni soat 11:45 larda dastlab 21 nafar o‘quvchi ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i kabi alomatlar bilan G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan.
Keyingi o‘rganishlarda 10-11 sinflarda tahsil oluvchi jami 22 nafar o‘quvchida zaharlanish alomatlari kuzatilgani aniqlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, maktabga tutash hududdagi fermer xo‘jaligi tomonidan shu kuni soat 09:00 larda paxtaning erta yetilishini ta’minlash maqsadida «Agro Augron» nomli vosita sepilgan. O‘quvchilar mazkur vosita ta’sirida havo orqali zaharlangan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Ularga birlamchi «oshqozon dispepsiya sindromi» tashxisi qo‘yilgan. Hozirda 7 nafar o‘quvchi G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasida davolanmoqda. Sog‘lig‘i yaxshilangan 15 nafar o‘quvchiga uyiga javob berilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 201-moddasi birinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tegishli ekspertizalar tayinlanib, Qashqadaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi rasmiy axborotda.
O‘zA