III “Lazgi” xalqaro raqs festivali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Xiva shahrining “Ichan qal’a” majmuasida III “Lazgi” xalqaro raqs festivalining ochilish marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning festival ishtirokchilariga tabrigini Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.
“Uch ming yildan ziyod shonli tarix va madaniyatga ega bo‘lgan xalqimiz qalbini, uning nafis tuyg‘ularini hayratlanarli darajada nozik harakatlar orqali ifoda etadigan noyob san’at durdonasi – “Lazgi” nomi bilan ataladigan xalqaro raqs festivali turli elu elatlar o‘rtasida samarali madaniy muloqot maydoniga aylanib borayotgani barchamizni albatta xursand qiladi.
“Lazgi” ezgulik va go‘zallik, tinchlik va do‘stlik g‘oyalarini asrlar davomida tarannum etib kelayotgan, Xivaning muazzam minoralari kabi yuksaklik va ulug‘vorlik timsoli bo‘lgan mumtoz musiqiy obidadir.” – deyiladi Prezident tabrigida.
[gallery-29028]
Xorazm viloyatida o‘tkazilayotgan mazkur festivalga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Xalqaro festivalga nafaqat yurtimiz balki xalqaro darajadagi tajribali rejissyorlar, bastakorlar, san’atkorlar, taniqli raqqosalar, ijodkorlar, olimlar, malakali mutaxassislar jalb etilgan.
Xalqaro festivalning ochilish marosimidagi badiiy qismida turli millat va xalqlarning o‘ziga xos kuy va qo‘shiqlari yangradi. Jozibador raqslari ijro qilindi.
Konsert dasturi davomida taniqli xonanda va raqqoslar tomonidan ijro etilgan “Lazgi”ga hamohang sho‘x qo‘shiqlar yig‘ilganlarning barchasini raqsga chorladi.
Muxtasar aytganda, festivalning ochilish marosimi chin ma’nodagi musiqa va san’at bayramiga aylandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari