II Toshkent xalqaro yarim marafoniga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi
Mamlakatimizda ommaviy sport musobaqalari, sport turlari bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib kelinayotgan bo‘lsa-da, ular orasida yengil atletikaning marafon yo‘nalishida tashkil etilayotgan tadbirlar o‘ziga xosligi bilan alohida ajralib turadi.
E’tiborli jihati, sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti yo‘lidagi marafon tadbirlari yildan yilga aholining barcha qatlamlarini qamrab olayotganligi bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning 6-sentabr kuni poytaxtimiz Toshkentning markaziy ko‘chalari bo‘ylab o‘tadigan navbatdagi yirik yugurish musobaqasi - II Toshkent xalqaro yarim marafoni nafaqat sportchilar, balki aholining keng qatlamlariga chinakam sport va salomatlik bayramini tuhfa etishi shubhasiz.

Kuni kecha sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, Yengil atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev, daxldor vazirlik va idoralarning mutasaddi va mutaxassislari ishtirokida II Toshkent xalqaro yarim marafonini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha o‘tkazilgan ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishida ommaviy sport musobaqasiga tayyorgarlik ishlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Tashkiliy ishlarni yanada samarali olib borish, mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish masalalari muhokamasi davomida bildirilgan fikr va takliflar asosida har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilandi.
II Toshkent xalqaro yarim marafon bahslarini nafaqat yugurish musobaqasi, shu bilan birga aholi o‘rtasida salomatlik harakati, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotining muhim yo‘nalishiga aylantirish lozimligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Xalqaro yengil atletika federatsiyasi taqvimidan o‘rin egallagan mazkur yarim marafonning mavqeini inobatga olgan holda unda ishtirok etadigan professional sportchilarga, hakam va texnik qo‘mita a’zolariga zarur shart-sharoitlarni yaratish lozimligi aytib o‘tildi.
Xalqaro yarim marafonning yugurish yo‘laklarini kerakli vositalar bilan jihozlash, ishtirokchilar va tomoshabinlar uchun qulay hamda xavfsiz muhitni yaratish borasida kerakli tavsiyalar bildirildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA