ID kartalari uylarga borib rasmiylashtirilmoqda
Yurtimiz aholisi va mamlakatimizda doimiy yashovchi chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga identifikatsion –ID kartalarni rasmiylashtirib berish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda 2020 yil 22 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya –ID kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident farmoni dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Navoiy viloyati IIB M va FRB va uning qo‘yi tizimlari tomonidan 2023 yilda 140 ming nafardan ziyod fuqaroga yangi namunadagi ID kartalar rasmiylashtirib berildi. Bundan tashqari, farmon talablaridan kelib chiqqan holda ID-karta olish uchun ma’lumotlarni yig‘ish punktiga shaxsan o‘zlari kela olmagan taqdirda ularning qonuniy vakillari orqali (og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda) murojaat etilganda, mas’ul xodim tomonidan o‘n besh kun muddatda ushbu shaxslarning yashash manziliga borgan holda ID karta rasmiylashtirilib berilmoqda.
– Shu kunga qadar 415 nafar fuqaroning yashash xonadonida ularning hujjatlari identifikatsion –ID kartalarga almashtirildi, – deydi Navoiy viloyati IIB M va FRB EATG yetakchi mutaxassisi Akmal Xushmurodov. – Viloyatimiz markazidan 400-500 km olis bo‘lgan Tomdi va Konimex tumanlarining “Utemurod” hamda “Boymurod” ovullaridagi 995 nafar fuqaroning ham hujjatlari ID kartalarga almashtirilib berildi. Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 31 iyuldagi “Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, shuningdek, avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2023 yilning 1 dekabridan boshlab nafaqat harakatlari cheklangan va bo‘linmaga kelish imkoniyati bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, o‘z istaklari bilan xonadonlariga borgan holda ID kartalar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Qaror talablariga asosan, endilikda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda transportni ro‘yxatga olish bo‘yicha davlat xizmatlari xizmat ko‘rsatuvchi xodim tomonidan qo‘shimcha to‘lov asosida murojaat etuvchining yashash joyida xizmat ko‘rsatilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi IIV M va FRB tomonidan hududiy Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalariga 14 ta avtotransport vositasi ajratildi. Endilikda viloyat hududida yashovchi fuqarolarga ham murojaatlariga asosan sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri