Ichki yo‘llar masalasi deputatlar nazoratida
Xalq deputatlari G‘ijduvon tumani Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi rahbari I.Isroilovning avtomobil yo‘llarini qurish, qayta qurish, ta’mirlash va saqlash holati yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.
Ta’kidlanganidek, tumanda hozirgi paytda 1393,4 kilometrdan iborat ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llari mavjud. Prezident qarori asosida bu yo‘llarga tegishli xizmatlar ko‘rsatilyapti. Bundan tashqari tuman mahalla fuqarolar yig‘inlariga qarashli ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, jumladan, asfaltlashtirishga alohida e’tibor berilmoqda. O‘tgan 2023 yilda hududdagi 50 ga yaqin mahallalarning ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llari sifatli asfalt qilindi. Birgina o‘tgan 2023 yilgi “Tashabbusli byudjet” va “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida “Vazirshoh”, F.Xo‘jayev, A.Qahhor, “G‘alaba” va boshqa bir qator mahalla fuqarolar yig‘inlarida jami 12854 kilometr uzunlikdagi yo‘llar asfalt qilindi.

Tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan ko‘priklarni ta’mirlash, yo‘l belgilarini yangisiga almashtirish va o‘rnatish, piyodalar o‘tish yo‘laklarini tiklash va boshqa bir qator ishlarga yaxshi natijalarga erishilmoqda.
“G‘ijduvon shahriga kirish” avtomobil yo‘li, shuningdek, “G‘ijduvon – Vobkent – Jilvon”, “G‘ijduvon –Qoraxoni – Qayrag‘och – Qarshiyon”, “Toshrabot – G‘ishti –G‘ijduvon – Romitan”, “Zarafshon” trakti singari avtomobil yo‘llarining ma’lum qismlarida amalga oshirilgan asfaltlashtirish ishlari natijasida haydovchilar va piyodalar xavfsizligi ta’minlanadigan bo‘ldi.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Ushbu masala tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi muhokamasiga kiritiladigan bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.