Ichki ishlar vazirligi va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ichki ishlar vazirligi va Markaz o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash va “Eng yaxshi kitobxon” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ichki ishlar vazirligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar orasida Markaz bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan dastlabki tuzilmalardan biri bo‘ldi. Tadbirda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, vazirlik va Markaz mas’ul xodimlari hamda “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi ishtirokchilari qatnashdi.
So‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu maskan xalqimizning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish, ayniqsa, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, tarixiy xotira va ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ma’rifat maskani ekanini ta’kidladi.
Imzolangan memorandumga muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlari, kursant va tinglovchilarning tarixiy hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini oshirish, ularda Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va tarixiy xotira tuyg‘ularini mustahkamlash, buyuk alloma va mutafakkirlarimiz merosini chuqur o‘rganish yo‘nalishlarida tizimli hamkorlik olib boriladi.

Shuningdek, Markazda ma’naviyat soatlari, ochiq darslar, ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlar va davra suhbatlarini tashkil etish, konferensiya va seminarlarni hamkorlikda o‘tkazish, xodimlar uchun ekskursiyalar uyushtirish, qo‘shma ma’rifiy, media va raqamli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
Tadbir doirasida ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi g‘oliblari taqdirlandi. Ko‘rik-tanlov yakunlariga ko‘ra, 3-o‘rinni Beruniy tumani IIBdan leytenant Elmira O‘rozmatova, 2-o‘rinni Navoiy viloyati IIBdan kapitan Bunyod To‘ymurodov, 1-o‘rinni esa Toshkent shahar IIBBdan leytenant Kamronbek Ismoilov egalladi.

G‘olib va sovrindorlar Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan pul mukofotlari hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
Mazkur tadbir va hamkorlik memorandumi ichki ishlar organlarida kitobxonlik hamda mutolaa madaniyatini yuksaltirish, xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini oshirish, ularda milliy g‘urur, vatanparvarlik va xizmat burchiga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zA