Ichimlik suvi narxi tariflari nega oshdi?
Bugun biz zamon talablaridan kelib chiqib, taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lidan jadal ilgarilab bormoqdamiz. Ushbu yo‘lda mamlakatimizda demokratik prinsip va tamoyillar asosida chinakam fuqarolik jamiyati rivojlantirilyapti. Buning samarasi esa Parlament va mahalliy Kengashlar yangicha sharoit va uslubda faoliyat olib borayotganida ham namoyon bo‘layotir.
Siz buni bilishingiz kerak!

Sobir TURSUNOV,
xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati,
pedagogika fanlari doktori
Mahalliy Kengash deputatlari bugun olib borilayotgan islohotlar mohiyatini, Prezidentning talab va istaklarini idrok etgan holda faoliyat olib bormoqda. Har bir sessiyada savollar, takliflar va tanqidiy fikrlari bilan faol qatnashmoqdalar.
Haqiqatdan ham, keyingi vaqtlarda mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish va odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini bera boshladi. Bu boradagi ishlar, avvalo, davlatimiz rahbarining tavsiya va ko‘rsatmalari, qolaversa, ochiqlik, shaffoflik, so‘z erkinligi va demokratik prinsiplarning hayotga samarali tatbiq etilayotganining mahsulidir.
Bunga bir misol. «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ tariflarni qayta hisoblash va suv narxini oshirish bo‘yicha Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga bergan o‘z takliflari asosda kengash qarori loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganida keng jamoatchilik o‘rtasida turli munozaralarga sabab bo‘ldi.
Shu o‘rinda aytish joizki, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining dolzarb masalalarga bag‘ishlangan har bir sessiyalarida, avvalo, xalq manfaati, aholi turmush-darajasini oshirish nuqtai nazardan yondashiladi. «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ tariflarni qayta hisoblash va suv narxini oshirish bo‘yicha Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga bergan taklifiga ham shu nuqtai nazardan ko‘rib chiqildi. Ushbu masalaga har tomonlama puxta yondashildi. Bunda aholi ham, davlat ham teng taroziga qo‘yildi. Qolaversa, «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJda faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘p sonli ishchi-xizmatchilar ham shu jamiyat bo‘lagi ekanini unutmasligimiz kerak. Vaholanki, suvda ishlaydiganlarning maoshlari hamon pastligicha qolayotgani ham bor gap edi.
Ma’lumki, ichimlik suvi va oqava suv tariflari hududning geografik joylashuvi, suv manbasidan aholi punktigacha bo‘lgan masofa, elektr energiyasi xarajatlari va boshqa tannarxga ta’sir etuvchi omillardan kelib chiqib belgilanishini inobatga olsak, suv yetkazib berishda Toshkent shahri eng arzon hudud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtimizda 1960 yillarda qurilgan 7 ta suv ta’minoti inshooti bor. Shaharda jami 3700,8 km. ichimlik suv tarmog‘i mavjud. Hozirgi kunga kelib 72 foiz ichimlik suv, 60 foizdan ortiq oqava suv tarmoqlari xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan. Buni yildan yilga ortib borayotgan suv tarmoqlaridagi avariyalar sonidan ham ko‘rish mumkin. «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ ma’lum qilishicha, 2019 yil davomida 10 ming 198 ta avariya bo‘yicha ta’mirlash ishlari bajarilgan, 2020 yilda esa qariyb 12 ming avariya bartaraf etilgan.
Tabiiyki, bunday avariyalar sonining ortishi ichimlik suvining behuda yo‘qotilishiga sabab bo‘lib kelmoqda.
O‘tgan yillarda suv tarmoqlari nega yangilanmagani haqida aholida haqli savol tug‘ildi. Haqiqatdan, nega yangilanmagan?
Mutasaddilarning ushbu savolga javob quyidagicha bo‘ldi:
«1991-2000 yillarda mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy sharoit sabab aholini ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida bir necha sohalar qatori suv ta’minoti korxonalarining muammolaridan ham ko‘z yumilgan. Ya’ni, suv yetkazib berish xarajatlari o‘zini oqlash oqlamasligi bilan hech kimning ishi bo‘lmagan. Keyinchalik ham suv narxini keskin oshirish imkoni bo‘lmagan. Bugunga kelib esa mazkur holatlar soha korxonalarining moliyaviy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda...»
Javob o‘rinli. bugungi sharoitda suv ta’minotidan kelayotgan mablag‘ ishlab chiqarish xarajatlarini qoplay olmaydi. Bu esa tarmoqni yangilash yoki ta’mirlash bilan bog‘liq ishlarni bajarilishiga to‘siq bo‘lib kelmoqda. Imkoniyatdan kelib chiqib qilinayotgan ishlar yetarli natijalarni bermayapti.
Yana bir og‘riqli nuqta bor edi. O‘tgan bir necha yil davomida suv ta’minoti alohida tarmoq sifatida faoliyat yuritmagan. Natijada suvdan kelgan mablag‘lar kommunal xizmatlarning boshqa maqsadlariga yo‘naltirib yuborilavergan. Endilikda «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyati alohida korxona sifatida faoliyat boshladi.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, birgina Toshkent shahrining o‘zidan suv yetkazib berishda 2019 yilda 58,8 milliard, 2020 yilda esa qariyb 30 milliardga yaqin zarar ko‘rilgan. Shuningdek, olingan xorij kreditini qaytarish jarayonida ham valyuta kursining keskin oshishi natijasida korxona moliyaviy holatiga 2019 yilda 54,0 milliard, 2020 yilda esa 35,5 milliard so‘m zarar yetgan.
Xo‘sh, tizimdagi bunday salbiy holatlardan birinchi galda kimlar zarar ko‘ryapti? Albatta, xalq ziyon ko‘ryapti. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi-xizmatchilarning maoshlari hanuzgacha bugungi kun talabiga javob bermay kelyapti. Ular ham aholining bir bo‘lagi, ular ham oila boqayapti, ular ham orzu-havas bilan yashayapti. Istardimki, ijtimoiy tarmoqlarda hanuzgacha bir yoqlama muhokamalarga sabab bo‘layotgan ushbu masalada ushbu jihatlar ham borligini unutmasligimiz kerak.
Shunday bo‘lsada, deputatlar tariflarning keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. O‘z navbatida, bu ham Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda ochiqlik, shaffoflik, so‘z erkinligi va demokratik prinsiplarning hayotga tatbiq etilayotganidan deyish o‘rinli bo‘ladi.
Teranroq nazar tashlasak aslida yangi belgilangan tarif ham u darajada qimmat emas. Masalan, 2021 yil 24 yanvardan Toshkent shahri bo‘yicha yangi tariflarga ko‘ra, ichimlik suvi aholi (I guruh – jismoniy shaxslar), byudjet tashkilotlari (II guruh) hamda ulgurji iste’molchilar (II guruh) uchun – 1 m³ – 400 so‘m, tijorat iste’molchilari (III guruh) uchun – 1 m³ – 1000 so‘m, shuningdek, oqova suvi xizmati aholi (I guruh – jismoniy shaxslar), byudjet tashkilotlari (II guruh) hamda ulgurji iste’molchilar (II guruh) uchun – 1 m³ – 350 so‘m qilib belgilandi.
Xulosa o‘rnida aytganda, har birimiz fuqarolik pozitsiyamizga qat’iy turib, bilimimiz, mehnatimiz, jasorat va sadoqatimiz bilan xalqparvar, Vatanparvar shaxs sifatida xalq dardi va Yurt ravnaqi tashvishi bilan yashaylik. Jonajon O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga teran nazar tashlab, buzg‘unchi g‘oyalarga aldanmay xolis bahomizni beraylik, har bir qilayotgan amalimizni yetti o‘lchab bir kesaylik.