“Ibratli sudya” mukofotiga nomzodlar inson omilisiz aniqlanadi
Keyingi yillarda jamiyatimizda adolat bosh mezonga aylanib, vaziyat tubdan o‘zgardi. Sudyalar ishiga aralashuvga chek qo‘yildi.
Jamiyatimizda yuz berayotgan bu ijobiy o‘zgarishlar qo‘liga adolat tarozusi berilgan sudyalarning o‘z qasamyodiga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlab, odamlarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonch hissini yuksaltirish barobarida huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan “Ibratli sudya” mukofoti sudyalarni adolatli hukm chiqarishga, inson qadrini ulug‘lashga undamoqda.
Yaqinda Sudyalar oliy kengashida faoliyati davomida alohida o‘rnak va numuna ko‘rsatib kelayotgan bir guruh sudyalarga “Ibratli sudya” mukofotini topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Mukofotga sazovor bo‘lganlar safida Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining raisi Diyor Jumayev ham borligini eshitib, quvondik. Nomzodlarni saralash tartibi bilan qiziqdik.

—Mukofotga munosib sudya inson omilisiz aniqlanadi, –¬deydi Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti Asqar Qudratov. —Buning uchun sohada sudyalar faoliyati samaradorligini ochiq, shaffof baholash bo‘yicha milliy elektron reyting dasturi ishga tushirilgan. Yangi tizim inson omilini keskin cheklab, sudyalar ishini oshkora, shaffof va, eng muhimi, xolis baholash imkoniyatini yaratib berdi. Ikki yil bo‘ldiki, dasturda eng yuqori reyting ko‘rsatkichini olgan sudyalar “Ibratli sudya” mukofotiga munosib ko‘rilmoqda. Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining raisi Diyor Jumayev ham reyting ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan boshqa sudyalar qatorida “Ibratli sudya” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Sohada boshqalarga ibrat bo‘layotgan sudyalarni aniqlashda ularning qabul qilgan sud qarorlari sifati, Sudyalar odobi kodeksi qoidalariga rioya etish, faolligi va tashabbuskorligi kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratiladi. Elektronlashtirilgan bu jarayonda inson omili deyarli ishtirok etmaydi.

Ochiq, shaffof tizim orqali mukofotga sazovor bo‘lgan Diyor Jumayev o‘n yildan buyon sudyalik lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda. Unga katta ishonch bildirilib, Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining raisi lavozimiga tayinlanganiga uch yildan oshdi.
U o‘ziga yuklatilgan vazifalarni mas’uliyat bilan bajarib, to‘g‘ri so‘zni ayta oladi. Hamkasblariga nisbatan talabchan va qatiyatli. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishda hamisha adolat tarafida bo‘ladi. Uning ana shunday fazilatlari ham Sudyalar oliy kengashining tegishli qarori bilan “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlanishiga asos bo‘ldi.

—Mukofot kasbingizga yanada ko‘proq mehr qo‘yishga da’vat etar ekan,–deydi “Ibratli sudya” mukofoti sohibi Diyor Jumayev.¬ –Bu rag‘bat mening ham adolat mezonlariga mas’uliyatimni, qasamyodimga sadoqatimni yanada mustahkamladi. Odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni ta’minlashga talabchanligimni oshirdi.
Surxondaryolik ibratli sudyaga mukofotni Sudyalar oliy kengashining videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbiri chog‘ida viloyat sudi raisi Abulqosim Ro‘ziqulov tantanali topshirdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri