Ibratli oila nafaqat o‘z baxti, balki butun jamiyat farovonligi uchun ham mas’ul
Oila – millatni ulg‘aytiruvchi muqaddas beshik. Bu qutlug‘ beshikda qizu o‘g‘lonlar ota-onasi qaramog‘ida, an’ana va qadriyatlar ta’sirida voyaga yetadi, kamol topadi. Milliy o‘zlikni anglab yetishi bilan ona Vatanga munosib farzand bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 9-dekabrdagi bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining viloyatlardagi hududiy boshqarmalarida “Yangi O‘zbekistoning ibratli harbiy oilasi – 2026” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida qizg‘in o‘tgan tanlovning yakuniy bosqichida respublikaning g‘olib oilasi aniqlandi.
– Jamiyatimizda shunday oilalar borki, ular nafaqat o‘z baxti, balki butun jamiyat tinchligi uchun ham xizmat qiladi. Tadbirda yurtimiz bo‘ylab hududiy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan 15 ta harbiy oila ishtirok etdi. Ular o‘rtasidagi do‘stona raqobat muhitida kechgan tanlovda ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi, – deydi Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi inspektori Mohigul Shodiyeva. – Ko‘rik tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan Primovlar oilasi egalladi. Ushbu oila kattalarining har ikkisi ham Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi harbiy xizmatchisi. Oila boshi kichik serjant Otabek Primov – yo‘riqchi qutqaruvchi. Uning har bir chaqiruvi — kimningdir hayoti, taqdiri bilan bog‘liq. U yong‘inlar, tabiiy ofatlar, favqulodda vaziyatlar orasida insonlar hayotini saqlab qolish uchun o‘zini xavfga qo‘yadi. Har bir chiqish — jasorat, har bir qutqarilgan inson — yuksak sharaf. Ayniqsa bo‘linma komandiri sifatida u nafaqat yong‘inni o‘chirish, balki yong‘inga jalb qilinadigan xodimlarining hayoti uchun ham mas’uliyatni his qilib turadi. Ayoli esa kichik serjant Gulmira G‘aybullayeva – navbatchi dispetcher. Uning qo‘lida tizimning “yuragi” — aloqa, tezkorlik va aniq qarorlar mavjud. Sohadagi har bir qo‘ng‘iroq, bu – shoshilinch yordam so‘rovi. U vaziyatni tezda baholab, qutqaruvchilarni to‘g‘ri yo‘naltirishga mas’ul. Bunda har bir soniyaning qadrini his qilish muhim. Bu oilada xizmat — faqat ish emas, bu hayot tarzi. Ular bir-birini so‘zsiz tushunadi. Oilada farzandlar ham ana shunday muhitda — jasorat, intizom va mehr bag‘rida tarbiya topmoqda.

Har yili o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekistonning ibratli harbiy oilasi” ko‘rik-tanlovi ma’rifatli oilalarni kashf etish, ularni keng jamoatchilikka namuna sifatida ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ma’lumotiga ko‘ra жорiй yilgi tanlovda Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimidagi oila 1-o‘rinni olgan bo‘lsa, 2-o‘rinni FVV Akademiyasidan Nodirovlar oilasi, 3-o‘rinni Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan Norqo‘ziyevlar oilasi egalladi. Bu g‘alaba — yillar davomidagi mashaqqat, bir-biriga bo‘lgan cheksiz ishonch va mehrning samarasidir.
A.RUSTAMOV, O‘zA