Inson huquqlarining ishonchli himoyasi – adolatga ishonch va barqaror tinchlik kafolati
Tanzaniyaning Arusha shahrida Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Anjuman doirasida «Xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari sohasidagi xalqaro normalarga rioya etilishini ta’minlashda parlamentlarning roli» mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro huquqiy majburiyatlarni milliy darajada amalga oshirish, inson hayoti va qadr-qimmatini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo ittifoq vitse-prezidenti, Polsha senatori Gabriela Moravska-Stanetska moderatorligida o‘tgan tadbirda Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi, BMTning Jinoiy tribunallar bo‘yicha xalqaro qoldiq mexanizmi, Inson va xalqlar huquqlari bo‘yicha Afrika sudi hamda Keniya parlamenti vakillari ekspert sifatida ishtirok etdi.

Muhokamada milliy qonunchilikni takomillashtirish, huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning samarali mexanizmlarini yaratish, davlat organlari va kuch tuzilmalari faoliyati ustidan nazoratni ta’minlashda parlamentlarning hal qiluvchi o‘rni ta’kidlandi. Mojaro va inqirozlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yondashuvlar muhokama qilindi.
Tadbirda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva inson hayoti va qadr-qimmatini, ayniqsa, eng og‘ir sharoitlarda himoya qilish barchani birlashtiruvchi maqsad ekanini ta’kidladi. Xalqaro huquqda buning uchun zarur normalar belgilangan. Asosiy vazifa esa ularning amalda bajarilishini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishdir.
Qayd etilganidek, qurolli mojarolar paytida xalqaro gumanitar huquq insonlarni himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro normalar esa har bir shaxsning asosiy huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Huquqbuzarliklar xolis tergov qilinishi, aybdorlar javobgarlikka tortilishi shart. Asosiysi esa bunday holatlarning sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Senat Raisi O‘zbekiston nizolarni BMT Ustavi va xalqaro huquq asosida, muloqot hamda diplomatiya yo‘li bilan hal etish tarafdori ekanini bildirdi. Mamlakatimizda inson hayoti va qadr-qimmatini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani, parlament o‘zining qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati orqali bu boradagi vazifalarni ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.

Ma’ruzada parlamentlar oldida turgan amaliy vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, xalqaro majburiyatlarni milliy qonunchilikda aniq ifodalash, jiddiy huquqbuzarliklarni tergov qilish va aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun mustahkam huquqiy asos yaratish, mas’ul idoralarning vazifa va vakolatlarini belgilash zarurligi qayd etildi.
Huquqiy normalarning amalda ishlashini ta’minlash uchun parlamentlar byudjet va nazorat vakolatlaridan izchil foydalanishi lozim. Bu jarayonda mas’ul idoralarning kadrlar tayyorlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni tergov qilish salohiyatini baholash muhim ahamiyatga ega.
Xavfsizlik sohasida xalqaro huquq talablariga rioya etilishi ham parlamentning doimiy nazoratida bo‘lishi zarur. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul idoralar oldiga aniq talablar qo‘yilishi lozim. Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va fuqarolik jamiyati bilan muntazam muloqot olib borish, ularning fikr va takliflarini inobatga olish esa xavflarni barvaqt aniqlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashadi.
T.Norboyeva Parlamentlararo ittifoq doirasida mazkur yo‘nalishlarda tajriba almashish, insonlarni o‘z vaqtida va samarali himoya qilish mexanizmlarini birgalikda kuchaytirishga chaqirdi. Bunday hamkorlik adolatga ishonchni mustahkamlash va barqaror tinchlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokama davomida xalqaro gumanitar huquq normalari va inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga izchil rioya etish nizolarning oldini olish, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda jazosizlikka barham berishning muhim sharti ekani qayd etildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
Tanzaniya, Arusha shahri