I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tadi
Joriy yilning 7–11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida "Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li" mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida yangi bosqichni boshlab berdi. Jumladan, Markaziy Osiyo uyg‘onish davri allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, Imom Buxoriy kabi buyuk muhaddislar ilmiy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, shuningdek, ma’rifat va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini xalqaro miqyosda ilgari surishga qaratilgan mazkur tashabbuslar bugun izchil amalga oshirilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 7–11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida "Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li" mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi tashkil etilmoqda.
Forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etilmoqda.
Forumda 50 dan ortiq mamlakatdan 300 ga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, mashhur islomshunos olimlar, qo‘lyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi.
Forum doirasida bir qancha yirik tadbirlar, olamshumul kashfiyotlar va ilmiy-ommabop loyihalarning taqdimotlari o‘tkaziladi.
I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ko‘lami jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Forum doirasida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yig‘ilish hamda 6 ta sohaviy sho‘’ba tashkil etiladi. Ularda islom sivilizatsiyasi tarixi, hadis ilmi, kalom, qo‘lyozmashunoslik, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar muhokama qilinadi.
Forum doirasida kitoblar va ilmiy nashrlar taqdimotiga ham alohida e’tibor qaratilgan. ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan "Al-Jomi’ as-Sahih" — "Ummat kitobi" mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda tezislar to‘plami, IRCICA bilan hamkorlikda nashr etilayotgan "Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi" kitob-albomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan hamkorlikda chop etilgan Imom Termiziyning "Shamoili Muhammadiya" asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar forumning eng muhim qismlaridan biri bo‘ladi.
Mazkur nufuzli anjuman nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami ilmiy-ma’rifiy hayotida muhim voqea bo‘lishi kutilmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA