Hurmuz ochilishi AQSHga bog‘liqmi?
Eron Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kema harakati tiklanishini AQSH tomonidan qator talablar bajarilishi bilan bog‘lamoqda. Shuningdek, Tehron O‘mon bilan yangi dengiz yo‘nalishini belgilash bo‘yicha kelishuv yakunlanish arafasidaligini ma’lum qildi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy aytishicha, O‘mon bilan muzokara izchil va samarali davom etyapti. Tomonlar bo‘g‘oz orqali harakat yo‘nalishi xaritasi bo‘yicha kelishib olgan. Xavfsiz harakat, ekologik muhofaza, dengiz xizmati va jinoyatchilikka qarshi kurash masalasi ham muhokama qilingan.
Binobarin, Tehron bo‘g‘ozni to‘liq ochish uchun Vashingtondan aniq qadamlar kutyapti: Eronga yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lash, yangi harbiy tahdidni to‘xtatish, sanksiyani bekor qilish, Fors ko‘rfazi qamalini tugatish va Tehronning muzlatilgan mablag‘ini ozod qilish.
Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy ta’kidlashicha, Vashington iyun oyida tuzilgan muvaqqat kelishuv shartiga amal qilmayotgan bir payt, Eron AQSH bilan bevosita muzokara o‘tkazmaydi. Ayni vaqt xabar vositachilar orqali almashilmoqda.
AQSH tomoni esa Eron va O‘mon o‘rtasidagi kelishuv yaqin ekanini bildirgan. Vashington vakiliga ko‘ra, tijoriy kemalar harakati to‘siqsiz tiklangani e’lon qilinsa, AQSH Eron portlariga nisbatan qamalni bekor qiladi.
D.Hakimov, O‘zA