Huquqiy bilimdon o‘quvchilar
Samarqandda umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Huquq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Huquq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.Viloyat xalq ta’limi va adliya boshqarmalari, viloyat hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar qatnashdi.
Yoshlarni har tomonlama sog‘lom va barkamol, intellektual salohiyatli insonlar etib tarbiyalash, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida navqiron avlodning huquqiy bilimi va madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Huquq va Konstitutsiyaga oid dars mashg‘ulotlari bilan birga turli tanlovlar o‘tkazilayotgani o‘quvchilarning bu boradagi bilimini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tanlovda o‘quvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga oid bilimlariga test sinovlari va savol-javoblar orqali malakali mutaxassislar tomonidan baho berildi. Jamoalar tomonidan voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, huquqiy madaniyatning ahamiyatiga doir sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Samarqand tumanining “Yosh huquqshunoslar” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.