Huquqiy bilim bor joyda hushyorlik bor
Inson o‘z huquqini qanchalik yaxshi bilsa, uning hayotida adolat va qonuniylik shunchalik mustahkam qaror topadi. Zero, o‘z huquqini bilgan fuqaro muammosiga befarq qaramaydi, qonun doirasida o‘z manfaatini himoya qila oladi va jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissi bilan yondashadi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada aholiga huquqiy bilim berishni mahallaning o‘zigacha olib borish, odamlarni qiynayotgan masalalarni joyida o‘rganish va ularga aniq tushuntirish berish muhim vazifalardan biriga aylandi.
Shu maqsadda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” platformasi doirasida hududlarda ochiq muloqotlar muntazam tashkil etilmoqda.
Ana shunday ochiq muloqotlar biri Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidagi “Qalaychorbog‘”, “Bo‘zachi” hamda Buxoro shahridagi “Narshaxiy” mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazildi.
Muloqotlarni tashkil etishda asosiy e’tibor “muammo yuzaga kelgandan keyin uni hal qilish” emas, balki uning oldini olish tamoyiliga qaratildi. Shu bois dastlab hududlarda fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinib, har bir mahalla uchun eng dolzarb masalalar belgilab olindi. Uchrashuvlarga esa ana shu masalalarga daxldor mas’ul idoralar vakillari jalb etildi.
Uchrashuvlar davomida fuqarolarga bugungi kunda tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikdan himoyalanish, shubhali qo‘ng‘iroqlar va xabarlarga aldanib qolmaslik, shaxsiy ma’lumotlarni asrash kabi masalalar bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Shuningdek, mehnat munosabatlari, xodimlarning huquqlari, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar, mehnat migratsiyasi sohasidagi qonunchilik talablari yuzasidan ham tushuntirishlar berildi.
“Ombudsman maktabi”ning yana bir muhim jihati shundaki, unda nazariy tushuntirishlar amaliy muloqot bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita mas’ullardan javob olish, huquq va manfaatlariga daxldor masalalar bo‘yicha aniq tushunchaga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Ochiq muloqotlar yakunlanganidan so‘ng Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynovaning sayyor qabuli ham tashkil etildi. Unda fuqarolarning murojaatlari qabul qilinib, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi va ularni hal etish bo‘yicha choralar belgilab olindi.
Bu esa “Ombudsman maktabi”ning mazmun-mohiyati faqat huquqiy savodxonlikni oshirish bilan cheklanib qolmasdan, fuqaro murojaati — huquqiy maslahat — amaliy ko‘mak — natija zanjiri asosida ishlashini ko‘rsatmoqda.
Kiberfiribgarlikdan himoyalanish ham, mehnat shartnomasini tuzishda o‘z huquqini talab qilish ham, mehnat migratsiyasi jarayonida qonuniy yo‘l tutish ham, eng avvalo, insonning o‘z huquqini bilishiga borib taqaladi. Shu ma’noda, “Ombudsman maktabi” qonunni qog‘ozda qoldirmay, uni insonning kundalik hayotiga yaqinlashtirayotgan muhim maydondir.
Buxoro viloyatidagi ochiq muloqotlar ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Zero, huquqiy bilim bor joyda hushyorlik bor, hushyorlik bor joyda esa firibgarlik va huquqbuzarliklarga qarshi mustahkam to‘siq paydo bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri