Huquqiy axborotlar aholiga qanday yetkazilmoqda?
Aholining huquqiy axborotlardan xabardorligi ularning huquqiy ongi va madaniyati yuksalib borishiga xizmat qiladi. Shu bois huquqiy axborotni yetkazish va tarqatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Adliya vazirligi va uning tuzilmalari bu borada izchil faoliyat yuritish bilan birga, idora va tashkilotlarning huquqiy axborot tarqatish borasidagi faoliyatini monitoring qilib bormoqda.
Adliya vazirligida “Aholiga huquqiy axborotni yetkazish va mazkur jarayonlarning monitoringi natijalari” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida shular haqida so‘z yuritildi.
Adliya organlari tomonidan 2023 yil birinchi yarmida huquqiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha 200 mingdan ortiq tadbirlar o‘tkazilgani, aholiga huquqiy axborotning o‘z vaqtida yetkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.

Vazirlik tomonidan o‘tgan davrda “Meros huquqi”, “Inson huquqlari oliy qadriyat”, “Mehnat huquqlarimizni o‘rganamiz” huquqiy aksiyalari tashkil qilindi.
Aholini qiynab kelayotgan muammolar hamda eng ko‘p berilayotgan savollarning huquqiy yechimlari bo‘yicha 450 dan ortiq videomaterial tayyorlandi va tarqatildi.
Vazirlik va idoralarning jamiyatda huquqiy savodxonlikni yuksaltirish borasidagi faoliyati baholab borildi. Tadbirda samarali faoliyat olib borgan vazirlik va idoralarga diplomlar topshirildi.
Tadbirda huquqiy axborotni barcha aholi qatlamlariga, shu jumladan, mahallalar orqali yetkazishning yangicha mexanizmlari joriy etilayotgani qayd etildi.
Bunda davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning barcha quyi tizimlariga, shuningdek, mahallalarga huquqiy axborot yagona elektron platforma orqali yetkazib beriladi hamda monitoring qilinadi.
N.Abduraimova,
O‘zA