Hunarli kishi xor bo‘lmas (+video)
Hunar insonning ziynati. Ayniqsa, har bir ishga mehr berib, halol yondashilsa, ro‘zg‘or barakasini ta’minlaydi. Shu sabab, hunarmand insonning qo‘li mo‘’jizalar yaratadi.
Bugungi kunda yurtimizda kasbu kori bor, yangi ish o‘rni yaratayotgan tadbirkor borki, qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ayniqsa, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, har tomonlama ko‘mak berishga qaratilgan tashabbuslar bugun minglab xotin-qizlarning qalbida ishonch, shijoat hamda minnatdorlik tuyg‘ularini uyg‘otmoqda.

Xalqimizda “Tashabbus birniki, samarasi mingniki”, degan ibratli naql bor. Zero, inson manfaatlarini ko‘zlab qilingan har bir ish zamirida ezgulik mujassamligi ayni haqiqat. Nazokat Zulfiqorova ham 3 yil ilgari tikuvchilik qilishni boshlagan. Tavakkalchilik asosida 3 nafar ishchi bilan chaqaloqlar uchun kiyim tikkan bo‘lsa, tayyor mahsulotlarga xaridor topish ham ancha mushkul bo‘lgandi.
– Tadbirkorligimizni 3 kishi bilan boshlagan vaqtimizda mahsulotlarimizga mijoz topishga qiynalganmiz, – deydi Nazokat Zulfiqorova. – O‘zimiz bozorma-bozor yurib mijozlarni qidirganmiz. Keyinchalik sifatli mahsulot chiqara boshlaganimizdan keyin mijozlarning o‘zi buyurtma berib boshlagan. Bankdan naqd pulda 5 million so‘m imtiyozli kredit olganmanda, Toshkentga borib mato olib kelganman. Sotgan mahsulotim esa 10 million so‘m bo‘lgan. Ayrim paytlari kechalari ishxonada qolib kiyim tikkan paytlarimiz bo‘lgan. 2022 yil dekabr oyida 30 kun mobaynida Qorbobo kiyimi tikkanmiz. Bog‘chalar, bozorga Qorbobo kiyimi yetkazib berganmiz. Bugun ishlagan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan har bir kishiga imkoniyatlar berilmoqda. Xohish bo‘lsa bo‘ldi, barcha sharoitlar bor. Hozirda bir oylik daromadimiz 20-30 million so‘mdan oshmoqda.

Intilganga tole yor, harakatda baraka deyishadi. Nazokat Zulfiqorova ham faoliyatining dastlabki yillarida moddiy qiyinchiliklarga duch kelgan. Ammo orzu va intilishlarini amalga oshirish uchun harakat qildi. Mijozlar talabini o‘rgangan holda mavsumiy trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarishni boshladi. Hozirda u qariyb 100 nafarga yaqin xotin-qizlarning bandligini ta’minlagan.
Insonning eng katta baxti – hayotidan rozi bo‘lib yashashi. Bugun ishbilarmon va tadbirli tadbirkorlarimizning ko‘plab tarmoqlardagi faoliyati samarasi o‘laroq bo‘sh ish o‘rinlarining yaratilishi hamda aholi bandligining ta’minlanishi xalqimizning farovon turmushiga xizmat qilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mBgNyWG387Y" title="Hunarli kishi xor boʻlmas" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat+video), O‘zA muxbirlari