Humoyun Sultonov Sloveniyada bosh sovrinni ko‘zlamoqda
Sloveniyada Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan M15 tasnifiga kiruvchi musobaqaning yakkalik bahslarida hamyurtimiz Humoyun Sultonov finalga yo‘l oldi.
Tennischimiz turnirning yarim final bosqichida germaniyalik Maksimilian Gombergga qarshi kortga chiqdi. Ushbu bahsning ilk setini 7:5 hisobida o‘z foydasiga hal etgan Humoyun, ikkinchi setda birorta ham geymni boy bermasdan final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Endi Humoyun Sultonov bosh sovrin uchun o‘tadigan final bellashuvida ispaniyalik Tito Chavez bilan raqobatlashadi. Mazkur to‘qnashuv g‘olibi 2 ming 160 AQSH dollari pul mukofoti va 21 reyting ochkosini qo‘lga kiritadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA