Hududlar chiqindilardan tozalandi
30-mart – Xalqaro chiqindisiz kun
Navoiy viloyatida ham 30-mart – Xalqaro chiqindisiz kun munosabati bilan ekologik madaniyatni oshirish, aholining atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini shakllantirishga qaratilgan keng qamrovli ekologik aksiya tashkil qilindi.

Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan Navbahor tumanidagi “Qalqonota” qabristoni hududi, shuningdek, “Sarmishsoy” yo‘li yoqasidagi markaziy chiqindi poligoni atrofida tozalash ishlari olib borildi.

Aksiyada “Yosh ekofaollar” harakati kengashi a’zolari, “Toza hudud” davlat unitar korxonasi xodimlari, Navoiy davlat universiteti talabalari hamda Poligonlar direksiyasining viloyat hududiy boshqarmasi vakillari faol ishtirok etdi. Ularning birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida belgilangan hududlarda chiqindilardan tozalash ishlari samarali amalga oshirildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar kichik guruhlarga bo‘linib, belgilangan vaqt oralig‘ida hududlarni tozalash bo‘yicha topshiriqlarni bajardi. Yakunda eng faol va ko‘p chiqindi to‘plagan ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Bu kabi amaliy aksiyalar aholi o‘rtasida ekologik ong va mas’uliyatni oshirish, atrof-muhitni asrash madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri