HSK imtihoni nima uchun kerak?
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi “Green University”ga qarashli Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit tadqiqotlari markazida “HSK: Xitoyda ta’lim” mavzusida III O‘zbekiston forumi tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi vakili Sun Changdun, Xitoy Ta’lim vazirligi huzuridagi Xitoy va xorijiy tillar almashinuvi va hamkorlik markazi, “Chinese Testing International” bosh direktor o‘rinbosari Lyu Syaolun, Xitoy oliy ta’lim muassasasi vakili, Lanchjou universiteti vakili Li Chunlin, “Green University” rektori, professor Baxtiyor Po‘latov, XXR va mahalliy universitetlar professorlari hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Aziz Abduhakimov Xitoy bilan ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish sohalaridagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.

– Bugun "Green University"da Xitoyning 26 ta yetakchi universiteti vakillarini kutib olish biz uchun katta sharaf, –deydi Aziz Abduhakimov. – Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi akademik hamkorlik va o‘zaro ishonch tobora mustahkamlanib borayotganining yorqin ifodasidir. Mazkur forum uzoq muddatli institutsional hamkorlikni mustahkamlash, akademik almashinuvni kengaytirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim barqarorligi, "yashil" texnologiyalar, cho‘llanishga qarshi kurash va barqaror rivojlanish kabi muhim yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Forum davomida ishtirokchilarga Xitoy universitetlarining ta’lim dasturlari, bakalavriat, magistratura va doktorantura yo‘nalishlari, grant va stipendiya imkoniyatlari, HSK imtihoni hamda hujjat topshirish tartibi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Qayd etish lozimki, HSK imtihoni (Hànyǔ Shuǐpíng Kǎoshì) — “Xitoy tili darajasini tekshirish imtihoni” demakdir. U chet elliklar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, insonning mandarin (standart xitoy tili) bo‘yicha bilim darajasini aniqlaydi. Mazkur imtihon Xitoy universitetlariga o‘qishga kirishda, grant va stipendiya olishda, Xitoyda ishlash yoki stajirovkada hamda til bilish darajasini rasman tasdiqlashda zarur bo‘ladi.
Shuningdek, forum doirasida Xitoy universitetlari vakillari bilan ta’lim dasturlari taqdimotlari hamda O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari “Markaziy Osiyoda cho‘llanishga qarshi kurash texnologiyalari” mavzusida xalqaro o‘quv seminari ham bo‘lib o‘tadi. Seminar 24-mayga qadar Xitoy fanlar akademiyasi tarkibidagi Shinjon ekologiya va geografiya instituti, “Shimoli-g‘arbiy ekologiya, atrof-muhit va resurslar instituti” hamda XXR Ta’lim vazirligi huzuridagi Til bo‘yicha ta’lim va hamkorlik markazi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Seminar Xitoy — Markaziy Osiyo hamkorligi doirasida cho‘llanishga qarshi kurashni mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida rivojlantirish, ekologik barqaror taraqqiyotni ta’minlash va resurslarni tejashga asoslangan “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA