Hotami Toyi haqida nimalarni bilamiz
Sharq adabiyotida Hotam saxiylikning eng oliy timsoli sanaladi. Ko‘plab mutafakkirlar Hotam nomini hurmat bilan yodga oladilar. Alishar Navoiyning “Hayrat-ul abror“ dostonida ham u haqda ibratli hikoyat keltiriladi.
Hotami Toyi haqida eshitganmisiz? Ko‘pincha, saxovatli, qo‘li ochiq kishilarga nisbatan ana shu ismning sal qisqargan shakli – “Hotamtoy“ iborasi ishlatiladi. Har bir so‘zning o‘ziga yarasha tarixi bo‘lganidek, bu atama ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan, albatta. Muruvvatpeshaligi bilan shuhrat qozongan Hotami Toyidan qolgan nom bora-bora sifatga aylanib ketgan.
Manbalarda nomi afsonalarga yo‘g‘rilib ketgan bu shaxsning asl ismi Abu Safona (Adiy) Hotam ibn Abdulloh binni Sa’d bo‘lib, qachon tug‘ilgani ma’lum emas, taxminan milodiy 578 yilda vafot etgan. Arablarning Toy qabilasi boshlig‘i bo‘lgan. Uning dilbar she’rlar yozgani haqida ham ma’lumotlar bor.
Sharq adabiyotida Hotam saxiylikning eng oliy timsoli sanaladi. Ko‘plab mutafakkirlar Hotam nomini hurmat bilan yodga oladilar. Alishar Navoiyning “Hayrat-ul abror“ dostonida ham u haqda ibratli hikoyat keltiriladi.
Hotami Toyiga bir ozodavash
Dediki “Ey himmating ozodakash.
Toki saxo bo‘ldi kafing varzishi,
Ko‘rding ekinmu bir o‘zingdek kishi?..”
Emishki, Hotamdan “o‘zingizdan ko‘ra himmati baland odamni ko‘rganmisiz?“ deb so‘rashganida, u oddiy bir o‘tinchi cholni aytadi. “Bir paytlar butun sahro ahlini chaqirib katta ziyofat bergandim. Yuzta tuya, minglab qo‘y-qo‘zilarni so‘yib, qozonlar osildi. Avji ziyofat paytida ko‘nglim tanholikni tusab, sahroga chiqdim. Qarasam bir chol beli bukilib, o‘tin orqalab ketyapti. “Ey, benavo, Hotam butun sahro ahlini chorlab katta bazm berayotir, sen ham yelkangdagi tikanni tashla, borib, kayf-safo qilsang-chi?“ Shunda chol menga qarab, ey tamagir inson, sen mehnat bilan topilgan non lazzatini bilmaysan. Mashaqqat chekib topilgan bir-ikki dirham pul, Hotam bergan xazinadan ham ko‘ra a’loroqdir, degandi. Uning himmati menikidan kura yuqori edi“.
Rivoyatlarga ko‘ra, u umrini odamlarga yaxshilik qilishga bag‘ishlaydi. Butun boyligini xayr-ehson yo‘lida xarjlasa-da, uning davlati borgan sari ortib boravergan. Aytishlaricha, uning qasrida yetmish ikki darvoza bo‘lib, hojattalab kishi ularning barchasiga birma-bir kirib o‘tsa-da, hech biridan quruq chiqmas ekan.
Hotam dunyodan o‘tgach, uning o‘rnini egiz birodari egallamoqchi bo‘ladi. Onasi bunga e’tiroz bildiradi:
– O‘g‘lim, Hotam bitta edi. U endi qaytib kelmaydi. Sen esa, hech qachon Hotamchalik saxiy bo‘lolmaysan.
O‘g‘li onaizorning gapiga quloq solmaydi va Xotamning masnadiga borib o‘ltiradi-da. el aro o‘zini ikkinchi Xotam deb e’lon qiladi. Uning matonatini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan onasi, faqir tilanchi kiyimida haligi eshiklarning biridan sadaqa so‘rab keladi. Hotamning ukasi uni tanimaydi va unga katta in’om-ehson berib kuzatadi. Keyin ikkinchi, uchinchi... xullas yetmish ikkita darvozadan kirib sadaqa so‘rayveradi. “Ikkinchi Hotam“ esa, akasining odatiga amal qilib, uni siylab kuzataveradi. Onasi barcha darvozalardan bir-bir kirib chiqqach, yana qaytib birinchi darvozaga qaytadi. Buni ko‘rgan o‘g‘il g‘azabdan hayqirib yuboradi:
– Insofing bormi. yetmish ikki eshigimdan kirib, qo‘ni-qo‘njingni to‘ldirib chiqding. Yetar endi!
Onasi shunda o‘zini tanitib, egnidagi ro‘dapolarni yechib tashlaydi.
– O‘g‘lim, agar akang bo‘lganida, bunaqa qilmasdi. Chunki, uning hotamtoyligi chaqaloqligidan ma’lum edi. Har gal men ikkingizni emizayotganimdayoq buni payqaganman. Akang to seni emizmagunimcha, sutimni emmasdi. Sen esa, bir siynamni so‘rayotib, ikkinchisini ham changallab olarding...
Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston“ asarida ham u haqda ibratli bir rivoyat keltiriladi: Emishki, Hotamdan so‘rashibdi:
– Sen o‘zingdan ham saxiyroq insonni ko‘rganmisan?
–Ha,– javob beribdi u. – Bir kuni sahroda ov qilib yurib adashib qoldim. Bir badaviyning uyida tunab qolishimga to‘g‘ri keldi. U o‘sha kuni qo‘rasidagi bir qo‘yni so‘yib go‘shtini pishirib keldi. Menga qo‘yning bir a’zosi yoqib qoldi va maqtay-maqtay yedim. Oradan ko‘p o‘tmay, qo‘y go‘shtining aynan men maqtagan qismini pishirib keltirdi. Men uning uyida ikki kun mehmon bo‘ldim. Ikki kun ichida u mening oldimga faqat menga manzur bo‘lgan taomni pishirib kelaverdi.
Nihoyat uchinchi kuni uyga qaytishga ruxsat oldim. Tashqariga chiqsam, hovli qonga to‘lib ketibdi. Hayron bo‘lib buning boisin so‘radim. Ma’lum bo‘lishicha, uning bisotida o‘nta qo‘yi bo‘lib, ikki kun ichida hamma qo‘ylarini so‘ygan va go‘shtning
menga manzur qismidan yemak tayyorlagan ekan. Men uning bu qilmishi uchun qattiq koyidim. Shu kuniyoq uyimga qaytib, unga besh yuzta tuya hadya qildim. Undagi saxovat meni tamoman lol qoldirgan edi.
–Ey Hotam, axir uning o‘nta quyi qayoqdayu sen bergan tuyalar qayoqda. Sen uning himmatini bir necha yuz barobar qaytaribsan-ku?
– Yo‘q, – javob beribdi Hotam. – U men uchun bor-yo‘q davlatini sarfladi. Men esa, boyligimning arzimasgina qismini unga berdim, xolos.
Hotamning nomi afsonalarga yo‘g‘rilib ketgan. Uning hayoti, faoliyati, qilgan ezgu amallari haqida ko‘plab rivoyatlar, dostonlar, qissalar to‘qilgan. Yurtimizda 19 asrda yashab o‘tgan noma’lum bir muallifning “Hotamnoma” nomli qissasi bizgacha yetib kelgan bo‘lib, unda Hotami Toyi nafaqat saxiy va bag‘rikeng inson, balki afsonaviy qahramon, yovuz kuchlarni yengishga qodir sehrli kuch-qudrat sohibi sifatida gavdalanadi.
O‘zbek xalq ertaklarida ham Hotam obraziga duch kelish mumkin. “Muqbil Toshotar” ertagi yodingizdami? Podshoh Muqbilga qizini bermaslik uchun bahona qilib, Hotamning boshini kesib, uning minib yurgan otini olib kelishni buyuradi. Muqbil uning shartini bajarish uchun safarga otlanadi.
Ittifoqo bir shaharda bir odamning uyiga mehmon bo‘lib tushadi. Uy egasi Muqbilni izzat-hurmat bilan kutib oladi, mehmon qiladi va safarining boisini so‘raydi. Muqbil butun sarguzashtini hikoya qilib, Hotamning otini va boshini keltirish uchun yo‘lga chiqqanini aytadi. Shunda uy egasi, ta’zim qilib, “Hotam men bo‘laman, boshim kerak bo‘lsa, kesib oling, ammo otni endi berolmayman, chunki, sizni mehmon qilish uchun uni so‘ygan edim” deydi. Bundan bag‘oyat ta’sirlangan Muqbil uning oyog‘iga yiqilib, uzr so‘raydi va niyatidan qaytadi...
Yana bir afsonada aytilishicha. Hotam nainki tirikligida, hatto o‘lganidan keyin ham insonlarga muruvvat ko‘rsatishda davom etgan. Arab xalq afsonalaridan birida aytilishicha, kunlarning birida bir karvon ahli Hotami Toyi dafn etilgan vodiyda to‘xtab dam olmoqchi bo‘ladi. Tabiiyki, karvonboshi ham Hotamning saxovati haqidagi uzunquloq gaplardan boxabar edi. Shunda u Hotam qabrini ziyorat qilarkan, hazillashib, “Ey saxiylarning podshohi, sening bag‘rikengliging, saxovating haqida ko‘p eshitganmiz, qani shu gaplar rost bo‘lsa, bizni bir mehmon qilmaysanmi, uzoq yo‘l bosib charchab kelyapmiz” deya xitob qiladi.
Albatta bu gaplar shunchaki hamrohlarini kuldirish uchun hazil tariqasida aytilgan edi. Savdogarlar biroz kulib olishgach, bu mutoyiba ham darrov ularning xotirasidan ko‘tarildi.
Keyin o‘sha vodiyda chodir tikilib, yo‘lovchilar uyquga ketdilar. Haligi karvonboshining tushida oq soqolli bir chol kirib, hassa bilan uning tuyasini turtkiladi: “Tur o‘rningdan va tuyangdan xabar ol, u novqoslanib yotibdi, harom qotmasidan bo‘g‘ziga pichoq tort” deya qichqiradi. Karvonboshi sapchib uyg‘ondi. Qarasa, tuyasi chindan ham jon talvasasida tipirchilab yotibdi. Darrov xanjarini chiqarib, tuyani halollab oldi va safardoshlarini uyg‘otdi va ularni voqeadan xabardor qildi.
“Endi bu tuyaning go‘shti uvol ketmasin, biz bu yerda ko‘pchilikmiz, hoziroq olov yoqib go‘shtni qozonga solaylik va to‘yguncha go‘shtxo‘rlik qilaylik. Manzilga yetib borganingizdan so‘ng pul to‘plab birorta tuya olib berarsizlar!”.
Chindan ham yaxshigina ziyofat bo‘ldi. Go‘shtning qolgan qismini yo‘lda yeyish uchun tuzlab, meshlarga ortishdi va yo‘lga tushishdi. Kun tikkaga kelganda, qarama tarafdan oq tuya yetaklagan, o‘zi ham bir tuyaga minib olgan bir badaviy arab ularning oldidan chiqdi.
“Men Hotami Toyining o‘g‘li bo‘laman, – dedi haligi badaviy karvon ahli bilan salom-alik qilgach. – Kecha otamning qabrini ziyorat qilgan ekansizlar. Qay biringiz otamdan ziyofat qilishni so‘radingiz?”
Hamma hayratdan don qotgan edi. Karvonboshi qo‘rqa-pisa oldinga chiqarkan “bazo‘r “men” deya oldi xolos.
“Otam kecha tushimga kirdi, – dedi haligi arab. – Bugun bir karvon ahli mening mehmonim bo‘lib turibdi. Ularni mehmon qilishim kerak edi. Dasturxon yozishning ilojini qilolmadim. Shu bois, mendan mehmon qilishni so‘ragan kishining tuyasini so‘ydirib, ularga ziyofat beryapman. Ertalab turib, suruvdan eng baquvvat tuyani olginu, kun botar tomonga yur, karvonning qarshisidan chiqasan, men ulardan qarzdor bo‘lib qolmay, tuyani egasiga topshir degan edi. Mana tuyangizning o‘rniga o‘rindosh, salomat b
o‘ling” dedi-da, tuyaning jilovini karvonboshiga tutqazib ortiga qaytdi. Karvon ahli hangu-mang bo‘lgancha qotib qolishdi...
Hotami Toyi Islomdan avval yashab o‘tgan. Rivoyatlarga ko‘ra uning ta’rifu tavsifi payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga ham yetib borgan va Hotamga bo‘lgan hurmatlari bois uning farzandlariga, qabiladoshlariga alohida hurmat va e’tibor ko‘rsatgan ekanlar. Hotam Toyining o‘g‘li Adiy ibn Hotam (r.a.) payg‘ambarimizning yaqin sahobalaridan bo‘lib, ul zotdan bir qancha hadislar rivoyatlar qilingan.
Hotamtoylik, xayr-saxovat va olijanoblik inonga zeb bera olguvchi fazilatlar sirasiga kiradi. Shu bois, olijanob, qo‘li ochiq, saxovatpesha kimsalar hamisha elning e’zozida bo‘ladilar.