“Hosil”ga kirgan ko‘knorilar “bevaqt” uzildi
“Qoradori-2024” tadbirining 1-bosqichida ko‘knori yetishtirish bilan bog‘liq yana bir jinoiy holat bartaraf etildi.
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida bo‘lib o‘tgan tezkor tadbirda Buxoro va Surxondaryo viloyalari bojxona boshqarmalarining Kontrabandaga qarshi kurash bo‘limi tezkor vakillari, Ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining hamkorligi besamar ketmadi.

Oldindan olingan ma’lumotlar asosida harakatlangan tezkor guruh ishtirokchilari fuqaro N.R ning yashash xonadonini xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirgan vaqtda ekin ekish uchun belgilangan yer maydonida ko‘knori hamda kannabis o‘simliklarini parvarishlab kelayotganligini aniqlandi.

IIB ning Ekspert kriminalistika markazi xulosasida ham giyohvandlik o‘simligi ekanligi tasdiqlangan 12 tup kannabis va 317 tup ko‘knori o‘simliklari barchasi ashyoviy dalil sifatida tegishli qonunchilik asosida saqlovga olindi.

Ayni vaqtda bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.