Homilador talaba-qizlar uchun oliy ta’limda qanday imkoniyatlar joriy etilgan?
Qonunchilikka muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab homilador talaba-qizlar hamda 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etiladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu haqda quyidagilarni ma’lum qildi:
– Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, kursdan kursga qolgan yoki talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga istisno tariqasida ta’limni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Bunda fanlar farqini qayta o‘zlashtirish talabi joriy etiladi. Talabalar uchun fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishga qo‘shimcha muddat berish va zarur shart-sharoitlar yaratish joriy etiladi.
Shuningdek, akademik ta’til davrida, talabaning xohishiga ko‘ra, masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi. Masofaviy ta’lim yo‘nalishlari va qabul ko‘rsatkichlarini oshirish orqali qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish ham ko‘zda tutilgan.
Mazkur toifadagi talabalar bo‘yicha alohida statistik ma’lumotlar yuritiladi. Ushbu chora-tadbirlar ta’lim olish uzluksizligini ta’minlash hamda yosh onalarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA