“Ho‘kiz burun” sharsharasini ko‘rganmisiz?
Sayohat manzillari
Avvalgi maqolamizda “Hisor” davlat qo‘riqxonasining “Qizilsuv” bo‘limida joylashgan ajoyibotlardan biri dinozavr izlari haqida hikoya qilgan edik. Qo‘riqxona hududida kishini hayratga soladigan go‘shalar juda ko‘p. Ulardan biri “Ho‘kiz burun” sharsharasidir.
Dinozavr izlarini tomosha qilgach, yo‘limizni sharshara tomon burdik. Unga ham Qal’ayi-sheron darasi bo‘ylab “Qizilsuv” daryosi yoqasidan borilar ekan. Qal’ayi-sheron tik qoyalar bilan o‘ralgan bo‘lib, qoya devorlarining balandligi 220-240 metrgacha yetadi. Daraning pastki qismi qalin o‘rmon bilan qoplangan. Eng ahamiyatlisi, o‘rmondagi archalar yoshi bir necha asrlarga teng. Ularning eng kattalari 700-800 yildan buyon mavjud. Yo‘l mashaqqatlarini yengib o‘tishimizda “Temir ko‘k” laqabli ot jonimizga oro kirdi.
[gallery-13600]
Qiya nishabliklardan, keskin pastliklardan yurar ekanman otda uncha qiynalmadim. Uning yordamida hatto daryoni uch marta kechib o‘tdim. “Temir ko‘k” hali 3 yoshda. Yangi tug‘ilgan paytidagi qop-qora rangi endi ko‘kish tusga kira boshlagan. Otlar shunday bo‘ladi. Qulunligidagi rangi yillar o‘tib o‘zgaradi. Haqiqiy rangi o‘shandan keyin ma’lum bo‘ladi. Ot insonga do‘st, deb bejizga aytishmaydi. Ustida yurar ekansan, qo‘rqayotganingni his qiladi. Sekinlaydi, yiqilib tushmasliging uchun taraddud oladi. “Temir ko‘k” bilan haqiqiy do‘st bo‘lib ketdik. Tog‘ yo‘llarida yuraverib, anchagina chiniqqan “Temir ko‘k” uncha-munchaga charchamaydi. Otlar qo‘riqxona nazoratchilarining asosiy transporti hisoblanadi. Hamrohlarimizning ta’kidlashicha, qo‘riqxonaning “Qizilsuv” bo‘limi maydoni 31 ming gektarni tashkil etadi va uni nazorat qilish uchun 14 qo‘riqchi xizmat qiladi. Ularga 12 ta ot ajratilgan.
– Qo‘riqchilarning ishi juda mashaqqatli, – deydi qo‘riqxonaning “Qizilsuv” bo‘limi boshlig‘i Rahmatjon Rahimjonov. – Hududni nazorat qilish uchun bir ketishda, ko‘ch-ko‘ronni olib haftalab ketiladi. Chodir tikiladi. O‘shanda dam olinib, yana yo‘lda davom etiladi. Ot bilan ham hamma joyga chiqib bo‘lmaydi. Tushib piyoda yuriladi. Shunday tartibda tabiatni asrash uchun kunu tun mehnat qilamiz. “Qizilsuv” daryosi suvi juda shirin. U tog‘ning yuqori qismidagi qorlarning erishi hisobiga paydo bo‘ladi. Toshdan-toshga urilib, minerallar bilan boyiydi. Ozgina ichsangiz ham chanqoqni birdan qondiradi. Qo‘riqxonada hayot qaynaydi. Hatto yo‘limizda kutilmagan mehmonlarni xushlamaganday chipor ilon ham o‘tib qoldi.
Qo‘riqchilarning aytishicha, u juda zaharli bo‘lib, agar chaqsa, vaqtida zahar tanadan chiqarib yuborilmasa, o‘limgacha olib kelishi mumkin ekan. Birpas daryo bo‘yidagi harsang toshga o‘tirib dam oldik. Otning xurjuniga solib olib kelgan nonni daryo suviga botirib yedik. Orombaxsh xayollar surdik. Osmon ko‘m-ko‘k va musaffo. Buralib ko‘pik kabi mavjlanib turgan pag‘a-pag‘a bulutlar bir-birini ketidan harakatlanadi. Daryo qirg‘og‘ida yovvoyi o‘simliklar barq o‘rib o‘sib turibdi. Ninachilar guldan gulga qo‘nib, quvlamachoq o‘ynaydi. Chigirtkalar chirillaydi. Qushlar o‘ynoqi sayraydi. Manzil hali uzoq edi. Kun davomida harakatlangani uchun hammaning yuzida charchoq alomati sezila boshlagan. Archazor bo‘ylab dovonlardan oshar ekanmiz, tobora yuqoriga ko‘tarila boshladik. Daryo shovqini pasaya boshladi. Chunki daryo anchagina pastda qolgandi. Oxirgi dovon qoldi shundan so‘ng sharsharaga yetamiz, deb aytib qoldi qo‘riqchilar. Yuqoriga ko‘tarilganimiz sayin archalar qalinlashib, so‘qmoqdan yurish qiyinlashdi. Ayniqsa, archalar orasidan otda harakatlanish anchagina mashaqqatli ekan. Tushib otni yetaklab piyoda yuramiz. Nihoyat tepalikdan oshgach, sharshara ko‘rindi. Uning salqin shabadasi yuzimizga urdi.
Salkam 50 metr balandlikdan oqib tushayotgan suv toshdan-toshga urilib, atrofga salqin suv zarralarini sochadi. Sharshara tik qiya o‘rtasidagi ikkita teshikdan otilib chiqadi. Shu bois ho‘kiz burniga o‘xshatishadi. Uning qaysi suv manbasidan oqib chiqayotganini anglash qiyin. Yillar davomida oqib turgani uchun toshlarda o‘ziga xos yashil manzara hosil qilgan. Uning suvlari ostida o‘ziga xos o‘simlik dunyosi shakllangan.
– Bahor oylarida ushbu sharsharadan suv ancha oldinga otilib turadi, – deydi qo‘riqxonaning ilmiy xodimi Bexruz Begaliyev. – Chunki ayni bahorda qor suvlari erishi kuchayadi. Yoz faslining so‘nggi oylariga kelib sharshara suvi kamayadi va bitta teshikdan tushmay qoladi. Hozir aynan suvning kamayadigan payti. Lekin har faslda o‘zgacha chiroy kasb etadi bu sharshara. Suvi ko‘paysa ham bir go‘zallik, kamaysa ham. Shuning uchun sayyohlar qadami uzilmaydi bu yerdan.
Darhaqiqat, sharsharaning kishini o‘ziga tortuvchi bir xislati bor. Boshida shuncha mashaqqatli yo‘l bosib kelibmiz suvi ham kamayib qolibdi, degan xayolga bordik, ammo keyin biroz payt unga termilib turgach kayfiyatimiz ko‘tarildi. Chekkan mashaqqatlarimiz yodimizdan chiqdi. Qoyaning o‘rtasidan oqib turgan suv toshga tegib parchalanadi. 40 kokilini yoyib turgan kelinchakdek go‘yo. Toshlarda suv bosimi ostida o‘sib turgan mitti bargli o‘simlik mayin tebranadi. Rosti, u yerdagi go‘zallikni tasvirlashga qalam ojiz. Agar sharsharaga olib keluvchi yo‘llar to‘g‘rilanib, shart-sharoit yaratilsa, yilning istalgan faslida u yerdan sayyohlar qadami arimaydi.
Qalamda tasvirlay olmaganlarimizni foto kadrlarga muhrladik. Sharsharaning husnu jamoliga mahliyo bo‘lib, vaqt o‘tganini bilmay qolibmiz. Soat millari tushdan keyingi 5:30 ni ko‘rsatib turardi. Keyin shu yergacha salkam 3,5 soat vaqt sarflab kelganimiz yodimizga tushdi. Apil-tapil ortimizga qaytdik. Qancha shoshilmaylik tabiat ajoyibotlarini tomosha qilib to‘xtab qolamiz. Tushdan so‘ng qo‘riqxona boshqacha tusga kirgan. Ertalabki xiralashgan tog‘ manzarasi tiniqlashgan. Kun bo‘yi archazorlarda inson hidini sizib biqinib yotgan yovvoyi quyon va to‘ng‘izlar ovqatlangani chiqqan. Ularni tomosha qilmay iloj yo‘q. Yana to‘xtaymiz.
Xullas, qosh qorayguncha mashinamiz turgan joyga yetib kela olmadik. Kechga qolib ketdik. Bu yog‘iga telefon yorug‘i, kamera projektorlaridan foydalanib keldik. Yo‘l albatta toliqtirdi, ammo taassurotlarga boy sayohat hammasini bosib ketdi. Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal. Yo‘lingiz tushsa, sharshara va dinozavr izlari manzaralarini bir ko‘rib keting.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA