Hokimning noto‘g‘ri qarori fermerni sarson qildi
Bir murojaat izidan
Andijon viloyati Bo‘ston tumanidagi “Eldorbek kelajagi” fermer xo‘jaligi rahbari X.Rasulova O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yil 17 martdagi Bo‘ston tumani hokimining 2019 yil 11 noyabrdagi 2398- sonli qarorini haqiqiy emas, deb topish haqidagi qarori ijrosi ta’minlanmay, fermer xo‘jaligiga tegishli olib qo‘yilgan yer maydoni qaytarib berilmayotgani yuzasidan ariza bilan murojaat qilgan edi.
O‘zA muxbirlari mazkur murojaat yuzasidan Bo‘ston tumanida bo‘lib masalaga oydinlik kiritdi.
Aslida voqea qanday bo‘lgan yoxud gap nimada?
Bo‘ston tumanining Navoiy massividagi “Sardorbek kelajagi” fermer xo‘jaligi 2009 yilda Xolisxon Rasulova tomonidan tashkil etilgan. Xo‘jalik dehqonlari dastlab 58,4 gektar maydonda dehqonchilik qilgan bo‘lsa, tuman hokimining 2019 yil 28 yanvardagi 151- sonli qarori bilan yana 53,1 gektar yer qo‘shib berilib, xo‘jalikning umumiy yer maydoni 111,5 gektarga yetgan.
Xo‘jalik paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha qaysidir yili belgilangan rejani bajardi, qaysidir yili esa bajara olmadi. Lekin biror yilni zarar bilan yakunlab, davlatdan qarzdor bo‘lib qolgani yo‘q.
Tuman hokimining fermer xo‘jaligiga yer maydonlari ajratib berish to‘g‘risidagi tegishli qarorlari, shuningdek, fermer xo‘jaligi va tuman hokimi o‘rtasida 2009 yil 20 iyuldagi 51 gektar, 2019 yil 22 iyuldagi 111,5 gektar yer maydonini uzoq muddatga ijaraga olish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalar bekor qilinmagan holida sobiq tuman hokimining 2019 yil 11 noyabrdagi 2398-q sonli qarori bilan fermer xo‘jaligi foydalanib kelayotgan yer maydoni tuman zaxirasiga olingan. Eng asosiysi, bu haqda fermer hatto ogohlantirilmagan ham. Keyinroq esa mazkur yer maydoni tuman hokimining qarori bilan “Sayyora favvorasi” xususiy klaster korxonasiga biriktirib berilgan.
Aslida xo‘jalik rahbari Xolisxon Rasulova fermerlik faoliyatini 2004 yilda boshlagan. U Andijon paxtachilik instituti (hozirgi qishloq xo‘jaligi instituti)ning agronomiya fakultetini tamomlagan, uzoq yillar paxtachilik brigadasida brigadir, pillachilik bo‘yicha agronom vazifalarida ishlab, dehqonchilikda suyagi qotgan.
Xolisxon Rasulova 2017 yilda pensiya yoshiga yetganligi sababli xo‘jalik rahbarligini qiziga topshirgan bo‘lsada, dehqonchilik bilan bog‘liq barcha ishlarni o‘zi boshqarib kelayotgani, qolaversa, fermer xo‘jaligining o‘zida traktor va boshqa texnikalar mavjudligi ishlarni samarali olib borishga imkon berayotganini ta’kidladi.
Fermer yer maydonining olib qo‘yilgani, yuzaga kelgan muammoning qonuniy hal etilishiga yordam ko‘rsatilishini so‘rab, tuman adliya bo‘limiga murojaat qiladi. Adliya bo‘limi masalani o‘rganib chiqib, fermer xo‘jaligining manfaatini ko‘zlab, tuman hokimining 2019 yil 11 noyabrdagi fermer xo‘jaligi foydalanib kelayotgan yer maydonini tuman zaxirasiga olish to‘g‘risidagi 2398- sonli qarorini bekor qilish yuzasidan Bo‘ston tuman ma’muriy sudiga ariza bilan murojaat qilgan. Sud ushbu talabni qanoatlantirmagan. Shundan so‘ng ushbu ish apellyatsiya instansiyasi tartibida Andijon viloyati ma’muriy sudida ko‘rildi. Viloyat sudida ham tuman sudining qarori o‘zgarishsiz qoldirildi.
Tuman, viloyat ma’muriy sudlari qarorlaridan norozi bo‘lgan fermer O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga murojaat qilgan.
[gallery-2016]
Bo‘ston tumani adliya bo‘limining “Eldorbek kelajagi” fermer xo‘jaligining manfaatini ko‘zlab, Bo‘ston tumani sobiq hokimining 2019 yil 11 noyabrdagi 2398- sonli qarorini haqiqiy emas, deb topish haqidagi talabi joriy yil 17 mart kuni Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida sudya Z.Qurbonova raisligida kassatsiya shikoyati tartibida ko‘rib chiqilib, tuman hokimining yuqoridagi qarori haqiqiy emas, deb topildi.
Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati qarori chiqqaniga qariyb bir oyga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, fermer o‘z yerini qaytarib ololmagan. Chunki, ushbu yer “Sayyora favvorasi” xususiy klaster korxonasiga biriktirib berilgan. Korxona esa yerni qaytarib berishga shoshilmayapti.
– Yerni qaytarmaslik uchun asosimiz bor, – deydi “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi rahbari o‘rinbosari Rustamjon Xotamov.
– Chunki qo‘limizda fermer xo‘jaligi yerini korxonamizga biriktirib berish to‘g‘risidagi tuman hokimining qarori mavjud. Qolaversa, ana shu yerning ma’lum qismida anchagina ishlar qilindi. Bundan tashqari, o‘tgan yili fermer xo‘jaligining 72,5 million so‘m qarzini to‘lab berganmiz.
Umuman olganda, Oliy sud qarori bilan tuman hokimining mazkur yerni tuman zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi qarori haqiqiy emas, deb topilgan bo‘lsa, massivdagi yer maydonlarini klaster korxonasiga biriktirib berish to‘g‘risidagi qarorining tegishli bandi ham ehtimol o‘z kuchini yo‘qotar yoki qarorga tegishli o‘zgartirish kiritilar. Tuman hokimligi bu masalani albatta, qonun doirasida tegishli tartibda hal etishi kerak.
Korxona tomonidan fermer xo‘jaligining qarzi to‘lab berilganligi masalasi surishtirilganda fermer xo‘jaligi rahbari X.Rasulova “To‘g‘ri, klaster korxona tomonidan 13.05.2020 yilda xo‘jaligimizga 72,5 million so‘m miqdorida mablag‘ o‘tkazilgan. Biroq bu mablag‘ qarzimiz uchun emas, balki butun mamlakatimizda joriy etilgan tartib doirasida, ya’ni 2019 yilning kuzida g‘alla yetishtirish bo‘yicha xo‘jaligimizga ajratilgan imtiyozli kreditni qoplash uchun o‘tkazib berilgan”, degan izohni berdi:
Chunki, 2019 yil kelgusi yil g‘allasini yetishtirish uchun xo‘jaligimiz davlatdan imtiyozli kredit olgan. Xo‘jaligimiz foydalanib kelayotgan yer klaster korxonasiga biriktirilgunga qadar, ya’ni kuzning dastlabki oylarida ushbu mablag‘ hisobidan 45 gektar maydon tekislangan, urug‘ sepilgan va boshqa zarur ishlar bajarilgan. Yer klasterga o‘tgach, o‘sha maydondagi hosil klaster tomonidan yig‘ishtirib olingan. Hosilni kim yig‘ishtirib olsa, albatta, berilgan kreditni ham qoplab berishi lozim. Shu bois ham klaster g‘alladan olingan daromad hisobidan imtiyozli kreditni qoplash uchun pul o‘tkazib bergan.
Sud qarori ijrosi bajarilmayotganligi yuzasidan Bo‘ston tuman hokimligining munosabatini bilish uchun tuman hokimiga murojaat qildik.
– Mamlakatimizda qonun barcha uchun barobar, – deydi tuman hokimi Sadbarxon Mamitova.
– Prezidentimiz rahbarligida qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgan bugungi kunda hech kimning qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ayniqsa, yurtimiz ravnaqi yo‘lida ish olib borayotgan tadbirkor va fermerlarimiz manfaatlari hamisha qonun himoyasida. Sobiq tuman hokimining qarori bilan yuzaga kelgan holat ochig‘i, meni ancha tashvishga solgan edi. Nihoyat, fermer xo‘jaligi yeri bilan bog‘liq nizoli holatga sud oydinlik kiritdi. Hokimlik mutaxassislari tomonidan sud qarori asosida tuman zaxirasiga olinib, klaster korxonaga biriktirilgan yerni fermer xo‘jaligiga qaytarish to‘g‘risida qaror tayyorlangan. Faqat hokimlik yuristi betob bo‘lib ishga kelmayotgani, qaror huquqiy jihatdan to‘g‘ri va qonuniyligi tekshirilmaganligi bois imzolanmay turgan edi. Bu bo‘yicha imkon qadar qisqa muddatda tegishli qaror chiqarilib, mutasaddilar tomonidan uning ijrosi ta’minlanadi.
Shu kuni kechga yaqin, “Sardorbek kelajagi” fermer xo‘jaligi rahbari X.Rasulova bizga qo‘ng‘iroq qildi. Sobiq tuman hokimining 2019 yil 11 noyabrdagi 2398- sonli qarori haqiqiy emas, deb topilganligi hamda tuman hokimining 2020 yil 13 fevraldagi Navoiy massividagi yerlarni klaster korxonaga biriktirib berish to‘g‘risidagi 69- sonli qarorning tegishli bandiga o‘zgartirish kiritilib, fermer xo‘jaligining tuman zaxirasiga olingan yer maydonini qaytarib berish bo‘yicha 13.04.2021 yil sanasi bilan tuman hokimining qarori chiqarilib, taqdim etilganligini aytdi.
– Muammoga chek qo‘yildi, – deydi fermer.
– Nasib etsa, endi faoliyatimizni yana davom ettiramiz, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish uchun astoydil mehnat qilamiz. Tuman adliya bo‘limiga alohida minnatdorlik bildiraman. Qonun doirasida bizning huquq va manfaatlarimizni hamisha himoya qildi, zarur barcha yordamni ko‘rsatdi.
Ishonamizki, tumanda chigit ekish ishlari yakunlanayotgan shu kunlarda fermer xo‘jaligi va klaster korxona o‘rtasidagi yer muammosiga chek qo‘yiladi. Sud qarori asosida chiqarilgan tuman hokimining qarori bilan qonun ustuvorligi albatta ta’minlanadi.
Faqat bir holat kishini o‘ylantiradi. O‘ylanmay bosilgan qadam yoki noto‘g‘ri qabul qilingan qaror insonlarning vaqtini ham naqdini ham oldi. Aslida bu kabi yugur-yugur bo‘lmasligi hammumkin ediku.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA