Hokimlarning vakolatlari qisqartirildi
Qarorga muvofiq turar joylarni noturar joy toifasiga oʻtkazishga ruxsat berish davlat xizmati boʻyicha 2020-yil 1-yanvardan boshlab tuman (shahar) hokimlarining qaror chiqarish tartibi bekor qilinib, ularning vakolatlari tuman (shahar) qurilish boʻlimlariga oʻtkazildi va amalda qaror ijrosi taʼminlandi.
Prezidentimizning “Byurokratik toʻsiqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4546-son qaroriga asosan 2020-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining funksiyalari va vakolatlari tegishli davlat boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalariga oʻtkazildi.
Qarorga muvofiq turar joylarni noturar joy toifasiga oʻtkazishga ruxsat berish davlat xizmati boʻyicha 2020-yil 1-yanvardan boshlab tuman (shahar) hokimlarining qaror chiqarish tartibi bekor qilinib, ularning vakolatlari tuman (shahar) qurilish boʻlimlariga oʻtkazildi va amalda qaror ijrosi taʼminlandi.
Yaʼni bugungi kunda tumanlar (shaharlar) qurilish boʻlimlari tomonidan turar joyni noturar toifasiga oʻtkazishga ruxsatnoma berish tizimi ishga tushdi.
Bu orqali, mazkur sohadagi davlat xizmatlari koʻrsatish biznes jarayonining bir necha martaga qisqarishiga, sifatining oshishiga, eng muhimi qonun buzilishi holatlarining oldi olinishiga erishiladi. Ruxsatnoma 8 kun muddatda shakllanadi va QK asosida vakolatli idoraning masʼul xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
Bu tartib joriy qilinguniga qadar boʻlgan jarayoni tahlil qiladigan boʻlsak, 2019-yilning oʻzida Toshkent shahri kesimida ushbu davlat xizmatidan foydalanish boʻyicha 1402 ta ariza kelib tushgan boʻlsa, ulardan 1033 tasi qanoatlantirilgan. Biroq, qanoatlantirilgan arizalarni koʻrib chiqishda qator qonun buzilishi holatlariga ham yoʻl qoʻyilgan, yaʼni 433 ta arizalarni ijro muddati buzilgan, 219 ta holatda esa asossiz rad etilganligi aniqlandi.
Asossiz rad qilish koʻchmas mulk egasining oʻz mulkidan oʻz xohishi boʻyicha foydalanish huquqi, yaʼni mulk huquqiga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqlari buzilishi tushuniladi.
Yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi holatlarining tahlili shuni koʻrsatadiki, aksariyat holatlarda tuman qurilish boʻlimlari tomonidan turar joylarni noturar joy toifasiga oʻtkazish boʻyicha ijobiy xulosa taqdim etilganligiga qaramasdan, tuman (shahar) hokimlarining tegishli qarorlari chiqish holati kechiktirilgan yoxud qaror chiqarish jarayoni butunlay toʻxtab qolib, arizalar asossiz ravishda rad etilgan.
Bu esa, oʻz navbatida qanchadan-qancha tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatlarini boshlashiga yoki rivojlantirishiga toʻsiq boʻlishi bilan bir qatorda, 1400 dan ortiq ish oʻrinlari va davlat byudjetiga qoʻshimcha soliq tushumlarining toʻlanmasdan qolishiga sabab boʻlgan.
Maʼlumki, bugungi kunda tadbirkorlarni qiynayotgan eng asosiy muammolardan biri – biznes faoliyatini boshlash va yoʻlga qoʻyish uchun noturar joy obyektlarining yetishmovchiligi deb aytish mumkin.
Endilikda, bu kabi qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyish holatlari bartaraf etilib,fuqarolar va tadbirkorlarga sifatli va shaffof davlat xizmatlari koʻrsatilishiga erishiladi.
Davlat xizmatlari agentligi
Toshkent shahar boshqarmasi
Matbuot xizmati