Hokimlar kun bo‘yi majlisda o‘tirib zerikmadimikin?
Kuni kecha Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan yig‘ilish internet, telekanal orqali onlayn translyatsiya ham qilindi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, majlisda joylardan ulangan videokadrlarda viloyat hokimlari ham ko‘zga tashlanib turdi. Bu bejiz emas, albatta. Hokimlar ayni paytda Senat a’zosi, mahalliy kengashlar raislari hisoblanadi.
Aslida joylardagi kengashlar a’zolari bo‘lgan deputatlar - xalq vakillari hisoblanadi. Xalq esa o‘z vakillariga muammosini aytib, hal qilib brishni so‘raydi. Deputat esa bir muammoni hal qilish uchun ijro hokimiyatiga yuzlanishga majbur. Hokim o‘z yetakchisi bo‘lgandan keyin deputat unga qattiqroq gapirish amrimaholligi shu vaziyatda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Shuning uchun ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hokimlarning kengash raisi sifatida faoliyat yuritishini tanqid qilib, buni bartaraf etish lozimligini aytgan edi.
Senat raisi ham bu maslaga bir necha bor to‘xtalib o‘tgan.
Xo‘sh, unda shu yo‘nalishda o‘zgarish qilishga nima xalaqit bermoqda?
Xalqni qiynayotgan o‘tkir muammolar, jumladan, ishsizlik, qishloqlarda aholi uchun zarur shart-sharoit yo‘qligi mavjud bir vaziyatda hokimlarning o‘z ishi qolib, majlisda qo‘l qovushtirib o‘tirishiga hojat bormi?
Faqat shugina emas...
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning qarorlarini bekor qilish mumkinligi yangi qonun bilan Oliy Majlis Senatiga berilmoqda” mazmunida tashvishli xabar tarqatdi.
“Men Senat tarkibida hamon ijro hokimiyati vakili hisoblangan hokimlarning borligi va joylarda mahalliy Kengashlarga bir vaqtning o‘zida hokimlar raislik qilishda davom etayotgani uchun bu yangi qonunni O‘zbekistonda hokimiyatlar o‘rtasida tiyib turish prinsipining buzilishiga olib keladigan yana bir qadam, deb hisoblayman. Hech bo‘lmaganda bu vazifani hozircha ijro hokimiyati vakillari yo‘q bo‘lgan Qonunchilik palatasi qilgani ma’qulroq edi.
Ayniqsa, "snos" masalasida qaror qabul qilish mahalliy kengashlardagi deputatlar ixtiyoriga berilayotgan bir paytda, hokimlar o‘zlarining "buzish" ishlarini deputatlar qo‘li orqali qilishi, agar kengash boshqa qaror qabul qilsa ham Senatda senator sifatida Kengash qarorini bekor qilish imkoniyatini oshirishi mumkin”, deb yozgan deputat.
Darhaqiqat, bunday nomuvofiqliklar bor ekan, qonun ustuvorligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Aslida qonunlarimiz ko‘p hollarda bajarilmasligi undagi kemtikliklar, bo‘shliqliklar bilan bog‘liq. Ularni bartaraf etish uchun esa bizga hech kim xalaqit berayotgani yo‘q.
Odamlar ayozdan qochishga joy topa olmayotgan bir paytda hokimlar majlislarda mudrab o‘tirmay, aholining joniga ora kirish haqida qayg‘ursa yaxshi bo‘lar edi.
Davlatimiz rahbari ham “Yo‘limiz bitta: odamlarga halol xizmat qilish, xalqimizning roziligiga erishish”, deb turgan bir paytda joylardagi mas’ullar bo‘lgan hokimlar bir lahza ham tinch o‘tirmasligi kerak.
Norgul Abduraimova, O‘zA