Hokimga yangi matbuot kotibi tayinlandi
Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev raisligida hududdagi ommaviy axborot vositalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, matbuot xizmatlari oldida turgan dolzarb masalalar muhokamasiga doir yig‘ilish o‘tkazildi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan muloqotda viloyat faollari, tegishli tashkilot va boshqarma rahbarlari, tuman va shahar hokimlari va ularning matbuot kotiblari, hududiy nashrlar muharrirlari ishtirok etdi. Kun tartibidagi masalalar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Soha vakillari oldida turgan dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi, taklif va mulohazalar bildirildi.

Xususan, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda hudud va tizimga doir chiqishlarga xolis va haqqoniy munosabat bildirish, hokimliklar va tashkilotlar saytlarini zamon talablariga muvofiq modernizatsiya qilish lozimligi aytildi. Mamlakatimizda davlat rahbari boshchiligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mohiyatini odamlarga sodda, xalqchil til va uslubda yetkazib berish kerakligi haqida so‘z yuritildi.

Yig‘ilishda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z tavsiyalarini bildirar ekan, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar hamda matbuot xizmatlarining o‘zaro hamkorligida shaffoflik, xolislik, haqqoniylik bosh mezon bo‘lishi lozimligiga e’tibor qaratdi.

Shundan so‘ng Toshkent viloyati hokimining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, hokimlik Axborot xizmati rahbari vazifasiga “Toshkent haqiqati” va “Tashkentskaya pravda” gazetalarining bosh muharriri G‘ayrat Sheraliyev nomzodi ma’qullandi.
Ma’lumot uchun, G‘ayrat Sheraliyev 1984 yil Qibray tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetini jurnalistika mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida turli yillarda “Xalq so‘zi”, “Toshkent haqiqati” gazetalarida mehnat qilgan. “Daqiq daqiqalar” va bir nechta kitoblari chop etilgan. 2020 yilda “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.
A.Musayev,O‘zA.