Hokim yordamchisining faoliyati amalda qanday kechmoqda?
Buxoro viloyatida hududlar bo‘yicha 544 ta mahallalarida hokim yordamchilari o‘z faoliyatlarini boshladi. Shuningdek, hokim yordamchilari uchun respublikadan kelgan vakillar va mahalliy amaliyotchi o‘qituvchilar tomonidan 10 kunlik maxsus o‘quv kurslari tashkil qilindi va ularning asosiy vazifa hamda faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi.
Xo‘sh, mazkur lavozim egalarining bugungi faoliyati qanday kechmoqda?
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati tomonidan mazkur mavzu bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda hududlar bo‘ylab 402 ming 122 ta xonadonlarda (100 %) uyma-uy yurish orqali xatlovdan o‘tkazilgan. Tegishli so‘rovnomalar to‘ldirilib, online-mahalla elektron platformasiga to‘liq kiritilgan.
Xatlov natijalariga ko‘ra, birinchi toifa uchun daromadi kam, ishsiz a’zolari bo‘lgan, o‘z ishini boshlashga qiziqishi katta, shuningdek daromad topishga, kasb o‘rganishga harakat qilayotgan 98 ming 393 ta xonadonlar ro‘yxatga olingan.

Ikkinchi toifa doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagi bor 151 ming 399 ta xonadonlar ro‘yxati shakllantirilgan.
Uchinchi toifa uchun nogironligi bor, kasal a’zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj 25 ming 37 ta xonadonlar hamda to‘rtinchi toifa uchun iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q 127 ming 293 ta xonadonlar ro‘yxati tuzib chiqilgan.

Viloyatda 544 ta hokim yordamchilari, viloyat tashkilotlari rahbarlari a’zoligida “Mahalla Hokimi” telegram guruhi tashkil qilingan.Mazkur guruh orqali kunlik amalga oshirilayotgan ishlar, aholi daromadini oshirish yo‘nalishlari va yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etib boriladi.
Hokim yordamchilari tomonidan dastlabki o‘tkazilgan xatlovlar natijasida aholining imtiyozli kredit mablag‘lariga ehtiyoji borligi aniqlanib, 154,8 mlrd.so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larni ajratilishi bo‘yicha tavsiyalar berildi.Bundan tashqari, mahallalarda aholi bandligini ta’minlash maqsadida 376 nafar xonadonlarga inkubatorlar tarqatilib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
bugungi kunda hududlarda hokim yordamchilari tomonidan 497,6 gektar ijara yeriga bo‘lgan talab aniqlangan.Mazkur yerlar auksionga chiqarilib, tanlov savdolari o‘tkazilmoqda. Tanlov savdolari yakunlari bo‘yicha mazkur yerlar o‘z egalariga tarqatilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, joriy yilning 20 fevral holatida aholini o‘zini-o‘zi band qilish hisobiga 8 ming 826 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanishiga erishilgan. Korxonalarda norasmiy ishlayotgan ishchilarni legallashtirish hisobiga 6 ming 892 nafar, kasbga va tilga o‘qitib chet elga ishlashga yuborish 1 ming 75 nafar, mavjud bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga ishga joylashtirish 7 ming 166 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlangan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, o‘tgan 2021 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat hokimi Botir Zaripov 2022 yilda viloyatda ishsizlik darajasini qisqartirish maqsadida 152 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratilishi haqida ta’kidlab o‘tgan.
Hokim yordamchilari bilan birgalikda xatlov natijasida aniqlangan jon boshiga daromad miqdori 440 ming so‘mdan past bo‘lgan 61 mingta kam ta’minlangan oilalar hamda jon boshiga daromad miqdori 440 ming so‘mdan yuqori 880 ming so‘mdan past bo‘lgan, kam ta’minlanganlik ro‘yxatiga tushish ehtimoli yuqori 26 mingta oilalar bilan manzilli ishlar olib borilib, ularning daromadlarini oshirish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA