Hokim yordamchi – o‘zimizning odam! (+video)
Mahallalarda hokim yordamchisi lavozimi tashkil etilganiga endi bir yildan oshdi. Xo‘sh, shundan keyin joylarda nima o‘zgardi?
Farg‘ona shahridagi Yormozor mahallasida 6 ming 587 ta aholi yashaydi. 1 ming 487 ta xonadon bor. Bu yerga hokim yordamchisi etib Bahodirjon Homidov tayinlangan. U tadbirkor, xalq deputatlari shahar kengashi deputati. Prezident chaqirig‘iga labbay deb javob berib, shu yerda ishlayapti. Qaysi ko‘cha, qaysi xonadonga kirmang, uni tanishadi, hurmat qilishadi, unga ishonishadi.
Davron Matkarimov oilasida ishsizlik, shundan moliyaviy muammolar bor edi. Bahodir Homidov bank bilan hamkorlikda ularga loyiha ishlab chiqdi.

– Hokim yordamchisi Bahodir aka bizga kredit olishga yordam qildi. 30 million so‘m kredit oldik, – deydi Davronjon. – Unga qo‘y olib semirtirib, bir yilda ikki marta almashtirdim. Uning foydasiga novvoslar sotib olib boqyapman.
Ha, hozir bu oilaning kichik chorva fermasi bor. Yaqin kunlarda uni boqishdan katta daromad kutyapti. Ammo, Davronjonda tadbirkorlik fazilati tez uyg‘ondi. Hokim yordamchisi ko‘magida chorva chiqindisida qizil Kaliforniya chuvalchangini ko‘paytiryapti. Biogumus bahorning shu kunlari xaridorgir bo‘ldi.
Sayyora Turdialiyeva ham “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi. To‘rt nafar yosh farzandi bor. Ularning biri nogiron. Turmush o‘rtog‘i esa oyoq xastaligiga uchragan. Xullas, qozon qaynatish og‘irlashib qolgan edi. Hokim yordamchisi bu oilaga ham baqor keldi. Amaldagi imtiyozlar qo‘llanishida tashabbus ko‘rsatdi.

– Davlatimizga katta rahmat aytmoqchiman. Menga tikuv mashinasini subsidiya asosida bepul yetkazib berishdi. Hozirda men kelinlarning ko‘rpa-to‘shaklarini qavib, tikib bermoqdaman. Kelajakda shogirdlar olib o‘rgataman. Ishlab chiqarishimni kengaytiraman, – deydi Sayyora Turdialiyeva.
Dadaxon Hasanov tashqi devor egiluvchan oboylarini ishlab chiqarmoqda. Oboy turlari qancha ko‘p bo‘lsa, xaridor ham undan oz emas. Hozir shaharda uning nomi chiqib, ishlab chiqargan mahsuloti ommalashyapti. Holbuki, bir yil avval...
– Bir yil avval hech qanaqa hujjatlarsiz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan edik. Bahodir aka kelib buni kengaytiring, yakka tartibdagi tadbirkorlik oching, dedi. Hozir bizning ishchilarimiz uchta brigadadan iborat. Bitta brigada bu yerda ishlab chiqarsa, qolgani yopishtirgani boradi. Hozir 15 ta ishchimiz bor, – deydi Dadaxon Hasanov.

Mahallada asta-sekin kambag‘allik qisqardi, tadbirkorlik rivojlandi, ishsizlik kamaydi.
– Hokim yordamchisi mahallaga kirib kelib shunday bo‘ldiki, masalalar mahallaning o‘zida hal bo‘lmoqda. Aholi endi hokimiyatga yoki boshqa tashkilotlarga bormaydi. Har qanday masala yechimiga mahalla boshqaruvi orqali erishilyapti, – deydi Bahodirjon Homidov.
Qandolatchi Sayyora Toshmatova uy bekasi edi. Unga 32 million so‘m garovsiz kredit berildi. Hozir 9 xil mahsulot ishlab chiqaryapti. 12 ta ishchi o‘rni yaratdi. O‘zi yakka tartibdagi tadbirkorga aylandi.
Ominaxon Nishonboyeva xonadonida kooperatsiya asosida manzarali ko‘chatlar o‘stirilyapti. Yarmini kooperativga topshirsa, yarmi o‘ziga daromad bo‘ladi. Unga ham 15 million so‘m imtiyozli kredit berildi. Bu pulga qurilgan kichik issiqxonada pomidor ko‘chatlari allaqachon bo‘y cho‘zdi. Nafaqadagi otasi esa yana ishli bo‘ldi.

– Yoshim 64 da. Bu ko‘cha bir umr asfalt ko‘rmagan edi, hokim yordamchisi “Tashabbusli byudjet”ga loyiha kiritdi va eng ko‘p ovoz olib 1,2 mlrd. so‘m yutib oldik, – deydi mahalla faoli Ismoiljon Jalilov.
– O‘tgan yili yangi ish boshlaganimizda odamlar yana bir amaldor keldi, degan shubha bilan qaradilar, – deydi hokim yordamchisi Bahodirjon Homidov. – Lekin Prezident qo‘ygan vazifani bajarishga astoydil kirishganimizdan keyin bizga ishonch paydo bo‘ldi. Hozir 1 ming 487 xonadon a’zolari bilan eng yaqin aka-uka bo‘lib ketganmiz.
Ha, mahallalarda hokim yordamchisi xizmati tashkil etilgani islohotlar to‘g‘ri yo‘lda ekaniga yana bir misol bo‘la oladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jyAf9KFqgjk" title="Hokim yordamchi – o‘zimizning odam!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA