Hokim tadbirkorlar bilan uchrashdi
Prezident topshirig‘i amalda
Joriy yilning 20 dekabr kuni Prezident raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025 yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlatimiz rahbari tadbirkorlarning ezgu maqsad bilan ilgari suradigan har qanday g‘oya va tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, hudud rahbarlariga tadbirkorlar bilan doimiy muloqot qilib, ularning muammolarni hal etish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar yuzasidan Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov joylarda tadbirkorlik sub’ektlari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma inshootlaridan maqsadli foydalanish, qolaversa, atrof-muhit tozaligi va obodonlashtirilishi bilan bog‘liq ishlarni ko‘zdan kechirdi. Hokim dastlab G‘ijduvon tumanida, qo‘shni Navoiy viloyatiga chegaradosh “Sarmijon” yo‘l-patrul maskani hududida bo‘ldi.

Hududda “M-37” avtomagistrali bo‘ylab faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar e’tibordan chetda qolmadi. Biznes vakillariga tegishli savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyatiga e’tibor qaratilib, mavjud imkoniyatlarni kengaytirishga doir takliflar o‘rtaga tashlandi. Shuningdek, “Sarmijon” yo‘l-patrul maskani yaqinidagi Zarafshon daryosi sohilida aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, aholining ko‘ngilli hordiq olishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga daxldor loyihalar muhokama qilindi.
Viloyat hokimining Jondor tumanidagi manzilli o‘rganishlari “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inidan o‘tgan daryo bo‘yida qurilishi borayotgan zamonaviy saylgohni ko‘zdan kechirish bilan davom etdi. Bunda “Sohil bo‘yi” savdo-servis inshootlari, kafe hamda umumiy ovqatlanish shoxobchalari, o‘yingoh va boshqa loyihalar muhokama qilindi.

Shuningdek, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish, urbanizatsiya jarayonini rivojlantirish maqsadida “Zarafshon” daryosi bo‘yiga yaqin hududda, 31 gektar yer maydonida qurilishi rejalashtirilgan “Ekomassiv” loyihasi mas’ullar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Ayni kunda tumanning “Oxshix” mahalla fuqarolar yig‘inida asosan mebel mahsulotlari yasab tayyorlashga mo‘ljallangan kichik sanoat zonasi mahalliy tadbirkorlar bilan gavjumlashmoqda. Mahallada bugunga kelib, 684 ta xonadon, 942 ta oila va ularda jami 4 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan bo‘lib, bunda faol mehnat bilan band bo‘lganlar soni qariyb 1,5 ming nafarni tashkil etmoqda. Hududda “Erkin bobo mebel mahsuloti”, “Abdul Boqi Rahmon”, “E’zoz mebellari” kabi xususiy korxonalar MCHJ shaklida faoliyat yuritib, o‘nlab oilaning moddiy manfaatdor bo‘lishiga imkoniyat yaratmoqda.

Jondor tumani “Qovchun” mahalla fuqarolar yig‘inida maktab o‘quv qurollari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Karavan konselyariya” MCHJ o‘z faoliyatini boshlash arafasida. Tadbirkor Behruz Ochilov talab yuqori bo‘lgan o‘quv qurollari bilan viloyat va poytaxt bozorini ta’minlashga, bunda asosan 5 turdagi o‘quv vositasi, jumladan, shaxmat-shashka doskalari, sharikli ruchka ishlab chiqarishga ahd qilgan. Loyiha 1 milliard 500 million so‘mga moliyalashtirilgan bo‘lib, shundan 600 million so‘m sarmoya mahalliy tadbirkorning o‘z mablag‘i. Buning uchun unga kichik sanoat zonasidan 0,24 sotixdan iborat yer maydoni taklif qilingan.
Kogon shahri va tumanida tadbirkorlik tashabbuslari ham viloyat hokimi e’tiborida bo‘ldi. Masalan, “Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘inida “Kogon mars plyus” MCHJ 12 sotixdan iborat maydonda tog‘-kon sanoati yo‘nalishidagi texnologiyalar uchun murakkab uskuna va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Tadbirkorlik sub’ekti tender savdosida 50 milliard so‘mga teng loyihalarni yutib olib, hozirda 60 nafar ishchi-mutaxassis bandligini ta’minlamoqda.
Aytish joizki, ayni kunda “O‘rta shaharlar” infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi doirasida temiryo‘lchilar shahrida ham qator qurilish-ta’mirlash ishlari loyihalashtirilgan. Jumladan, suvoqava tarmog‘ini yangilash tufayli hududdagi 7 ta mahallada xonadonlar, ko‘p qavatli turar joy va ijtimoiy soha inshootlari, umumiy hisobda 15 mingdan ortiq aholini suvoqava tarmog‘i bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, viloyat rahbari Kogon shahri “Buxoroi sharif” mahalla fuqarolar yig‘inida qayta restavratsiya qilinishi belgilangan inshootlarda bo‘lib, ularda rejalashtirilgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.