Hokim loyihalar taqdimoti bilan tanishdi
Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tegishli tashkilotlar mutasaddilari bilan birgalikda Uychi va Uchqo‘rg‘on tumanlari kesishmasida joylashgan Norin gidro elektr stansiyalari kaskadi atrofida tashkil etilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Gidro elektr stansiyalari kaskadining Uychi tumani hududidagi 20 gektar yer maydonida sayyohlik saylgohi tashkil etilishi, ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Xususan, Bo‘ston mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Norin daryosi qirg‘oqlarida turizm loyihasi amalga oshiriladi. Undan sport maydoni, dam olish maskani, cho‘milish havzasi, kemping zonasi joy oladi.
[gallery-24413]
Viloyat rahbari tadbirkorlar bilan muloqotda, loyihalarga o‘z takliflarini berdi va jadallik bilan ishga kirishishni ta’kidladi. Uchqo‘rg‘on tumanidan 12 kilometr masofada Norin daryosi hamda beshta yirik kanal o‘tishi, tabiiy landshaftning jozibadorligi, tiniq va zilol suv zaxiralari ushbu hududda turizmning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratib beradi. 30 gektar maydonda barpo etiladigan turistik mega-loyiha taqdimoti bilan tanishuv jarayonida qurilish ishlariga start berildi.
Mazkur loyiha doirasida akvapark, kapsula dam olish xonalari, interaktiv attraksionlar, gullar bog‘i, amfiteatr, salomatlik yo‘lakchalari, restoranlar va ko‘prikli saylgoh barpo etiladi. Buning natijasida kelgusida 450 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA