Hokim jinoyatchini kafillikka oldi
Tumandagi Yakkaqayragʻoch mahallasida yashovchi Jizzax sanoat kasb-hunar kolleji 3-bosqich oʻquvchisi, endigina 20 yoshga qadam qoʻygan Ruslan Mirzayev birinchi marta sudlanishi emas.
Oʻgʻrilik sodir etgan shaxs jinoyat ishlari boʻyicha Jizzax shahar sudining Sharof Rashidov tumani “Ravot” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 39-umumtaʼlim maktabi binosida oʻtkazilgan ochiq sayyor sud majlisida tuman hokimi, tuman Yoshlar ittifoqi, mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan kafillikka olingani uchun ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo qoʻllanildi.
Tumandagi Yakkaqayragʻoch mahallasida yashovchi Jizzax sanoat kasb-hunar kolleji 3-bosqich oʻquvchisi, endigina 20 yoshga qadam qoʻygan Ruslan Mirzayev birinchi marta sudlanishi emas. U bungacha ham oʻgʻrilik jinoyati bilan uch marta sudlangan.
Ruslan oxirgi marta 2017-yilda oʻgʻrilik uchun 3 yil 7 oyga axloq tuzatish jazosiga hukm qilinib, 2019-yil 28-oktyabrda muddatidan oldin ozod qilingan edi. Biroq ozodlikka chiqqanidan soʻng oradan bir hafta oʻtmasdan yana eski odatini takrorladi.
U Jizzax shahrida davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi idorasi xodimlarining yigʻilishda ekanidan foydalanib, shifokor M.Abduxoliqovaning ochiq qoldirgan xizmat xonasidagi stol tortmasida turgan ayollar hamyoni va uning ichida boʻlgan 300 AQSH dollari, plastik kartasi va 200 ming soʻm pulini oʻgʻirlab ketdi.
Ochiq sayyor sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlar koʻrsatmalari, tergov jarayonida, sudda toʻplangan dalillar, taraflar, jamoatchilik fikrlari muhokama qilindi.
Ruslanning ushbu jinoyatga muhtojlik tufayli qoʻl urgani, oilada ruhiy xasta onasi va nogiron singlisining yagona boquvchisi ekani, oʻgʻirlagan pullarni uyidagilarning oziq-ovqat va dori-darmoniga ishlatgani ochiq sud majlisida qatnashganlarni befarq qoldirmadi. Sud majlisida jamoatchilik vakillari sudlanuvchi R.Mirzayevning qilmishidan pushaymonligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar toʻliq qoplangani, ishlab, boshqa bu yoʻlga kirmasligi uchun yana bir imkoniyat berib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo berishni soʻradi.
Jumladan, jamoatchilik vakili – Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolboʻtayev ogʻir ahvolga tushib qolgan Mirzayevlar oilasi hokimiyat tomonidan ijtimoiy himoyaga olinib, ularga Nurafshon mahallasidan yangi uy-joy berilgani, Ruslanni ish bilan taʼminlashni, kelgusida qayta jinoyat qilmasligiga kafolat berishini bildirib, uning jinoiy ishini qonun doirasida koʻrib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo berishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan yoshlar tashkiloti vakili ham R.Mirzayevni Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashi kafillikka olishini, unga nisbatan jinoyat ishini qonun doirasida koʻrib, yengillik berishni soʻradi.
Shuningdek, sudlanuvchining oilasiga yangi uy-joy berilgan Nurafshon mahallasidan jamoatchilik vakillari ham R.Mirzayev kelgusida qayta jinoyat sodir etmasligiga kafolat berishini bildirib sud hayʼatiga murojaat qildi.
Sud sudlanuvchiga jazo tayinlashda jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini hamda qilmishining sabablarini, jinoyatni ogʻir oilaviy sharoiti oqibatida sodir qilgani, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar qoplanganini, qaramogʻida onasi va nogiron singlisi borligini, shuningdek, tuman hokimligi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi va mahalla tomonidan kafolat xatlari berilganini inobatga oldi. R.Mirzayevning xulqini jamiyatdan ajratmagan holda tuzatish mumkin, degan xulosaga keldi va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllab, ayblanayotgan moddasi sanksiya doirasida nazarda tutilmagan ozodlikni cheklash jazosini tayinlashni maqsadga muvofiq, deb topdi.
Ruslan Mirzayevga 4 yil 9 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarda adolat va haqiqat qaror topishiga ishonch uygʻotmoqda. Joylarda olib borilayotgan profilaktik ishlar, sayyor sudlar natijasida jamoatchilikning bu sohadan xabardorligi, eng muhimi ishtirok etishi kengaymoqda.
Viloyatda oʻtgan yili barcha koʻrib chiqilgan jinoiy ishlar boʻyicha sud majlislarining 557 tasi yoki 45,8 foizi sayyor shakllarda oʻtkazildi. Sudlar tomonidan jami 275 shaxsga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo qoʻllanildi. Amalga oshirilgan bu ishlar jinoyatlarning, huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.