Hokim iftorlik tashkil etdi
Azaldan muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olish, ularga mehr ulashish ezgu an’anaga aylangan.
Qorako‘l tumani hokimi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar oldi.
Jumladan, hokim Xurshid Tohirov “Polvonlar” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi nogironligi bor va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila Alijon To‘xtayev xonadonida iftorlik tashkil qildi.

Mahalla ahli ushbu xonadonni juda yaxshi bilishadi. Oilaning katta farzandi Azizaxonning imkoniyati cheklangan. Shunga qaramay ular hayotga shukronalik bilan qarashadi.
–Davlatimiz bor bo‘lsin, bizga o‘xshagan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni sira ham unutmaydi, –deydi xonadon bekasi Oyimgul opa. –Mana bugun ham mahallamiz yoshlari umumxalq hashari munosabati bilan uyimizda tozalik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdi.

Oilaning ustuni Alijon aka ayni vaqtda xorijda mehnat muhojiri bo‘lib ishlab kelmoqda. Xurshid Tohirov bilan videoqo‘ng‘iroq orqali suhbatlashgan Alijon aka tuman hokimining xonadonida mehmon ekanidan behad xursand bo‘lganini aytdi. Mana shunday xayrli ishlarning boshida turgan Prezidentimizga samimiy minnatdorchilik bildirdi.

Iftorlik dasturxoni atrofida Muqaddas Ramazon oyining shukuhi, so‘ngi yillarda yurtimizda, ayniqsa, Qorako‘l tumanida amalga oshirilayotgan beqiyos o‘zgarishlar haqida so‘z bordi. Xalqimizga tinchlik, har bir xonadonga fayz-u barokat tilab, duo qilindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov, (surat),
O‘zA muxbirlari