Hokim hududlardagi muammolarni o‘rgandi
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev bir necha kun oldin sektorlar rahbarlari va mas’ullar hamrohligida Oqoltin tumanining Andijon va Saxovat mahallalarida bo‘lib, infratuzilma ob’ektlari, ko‘chalar, foydalanilmay kelinayotgan yer maydonlari, uy-joylar oldidagi aholi farzandlari o‘ynashi, sport- sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazishiga mo‘ljallangan o‘yingoh va bolalar maydonchalari, tozalik va obodonchilik bilan bog‘liq yumushlar bilan tanishgandi.Aholi vakillari bilan uchrashib, ular muammolarini tinglab, shu yerning o‘zida, mas’ullarga va sektor rahbarlariga topshiriqlar bergandi.
Kuni kecha hokim ushbu hududlarda yana bo‘ldi. Aholi vakillari, nuroniy va faollar bilan uchrashib, berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi.

Nafaqat Andijon va Saxovat mahallalarida, tumandagi boshqa mahallalarda ham "Sayxunobod tuman tajribasi" asosida ishni tashkil etish, ishsiz aholining bandligini ta’minlash va ularga munosib shart-sharoit yaratish, bo‘sh turgan, foydalanilmayotgan aholi tomorqalarida ro‘zg‘or va bozorbop ekin ekish ishlarini yo‘lga qo‘yish, aholi daromadini oshirish maqsadida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Muhimi, hokim topshirig‘idan so‘ng hudud qiyofasi o‘zgardi. Dov- daraxtlarga shakl berilib oqlandi. Bo‘sh turgan aholi tomorqalari haydalib, to‘qsonbosdi ekinlar ekildi. Aholi qayta xatlovdan o‘tkazilib, kambag‘al oilalar ro‘yxati shakllantirilib, ularni kambag‘allikdan chiqarish borasidagi ishlar boshlab yuborildi.
Bundan ushbu hududlar aholisi xursand. Ko‘rsatilayotgan e’tibor, yordam uchun davlat rahbarlari, hukumatimizdan minnatdor bo‘lishmoqda.


G‘. Primov, Sh. Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari