Hokim bitiruvchilar bilan muloqot o‘tkazdi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon shahridagi 1-umumta’lim maktabi bitiruvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda viloyat hokimi keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi, ayniqsa, ularning puxta bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, o‘z salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, bu borada Andijonda ham keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.

Tadbir davomida viloyat hokimi yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqotda bo‘lib, bitiruvchilarning kelajak rejalari, oliy o‘quv yurtlariga kirish istaklari, tanlagan kasb va yo‘nalishlari, maqsad va qiziqishlari, taklif, tashabbus, fikr hamda mulohazalarini eshitdi.

Hokim yoshlarning taklif va tashabbuslarini hamisha qo‘llab-quvvatlashini, maktabni tamomlayotgan yoshlar albatta, biror kasbni hamda xorijiy tilni o‘rgangan holda bitirishi lozimligini aytib o‘tdi. Shuningdek, bitiruvchilar uchun viloyatdagi oliy o‘quv yurtlariga sayohatlar tashkil etish, umuman, bandligini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.


Uchrashuv yakunida viloyat hokimi bitiruvchilarning kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi, ularni yaratib berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari