Hokim bitiruvchi yoshlar bilan uchrashdi
Navoiy viloyati Navbahor tumani Keskanterak madaniyat markazida tuman hokimi Azamat O‘roqov bitiruvchi yoshlar bilan uchrashdi.
Tadbirda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va undan foydalanib, muvaffaqiyatga erishayotgan yoshlar haqida so‘z yuritildi. Joriy o‘quv yilida tumandagi 1072 nafar bitiruvchilardan 37 nafari o‘qishni oltin, 5 nafari kumush medal bilan yakunladi. Shuningdek, 40 nafardan ortiq o‘quvchilar muddatdan oldin oliy o‘quv yurti talabasi degan nomga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, bitiruvchilarning 51 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. O‘tkazilgan fan olimpiadasining Respublika bosqichida 34-maktab bitiruvchisi Doston Tog‘ayev geografiya fanidan 1-o‘rinni, 15-maktab bitiruvchisi Dilorom Ismoilova biologiya fanidan 3-o‘rinni egalladi.


2023 yilning 30-31 may kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Al-Xorazmiy Xalqaro olimpiadasida 21-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Shahzod Qo‘chqorov matematika fanidan 3-o‘rinni egallab, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA