Hokim Angrendagi yirik korxonalar faoliyatini o‘rgandi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev “Angren” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda viloyat rahbari xorijiy va mahalliy investorlar bilan muloqot qilib, ularning muammo va takliflarini tingladi.
Mazkur erkin iqtisodiy zonada 63 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha 47 tasi ishga tushirildi.
Hokim dastlab Xitoyning yirik kompaniyasiga tegishli “Zhong Peng ceramics international” MCHJ xususiy korxonasida bo‘lib, olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Hozir ishlab chiqarish tarmoqlari uchun qariyb 10 gektardan ziyod yer maydonida qurilish ishlari olib borilmoqda. Ushbu korxona yiliga 7 million 500 ming kvadrat metr keramik keramogranit plitka ishlab chiqarish quvvatiga ega. Loyiha qiymati 29 million 549 ming dollarga teng.


Xorijiy investor “Shandong Dongba Trade” kompaniyasi bo‘lib, korxona kelgusi yilning ikkinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Korxona ishga tushgach, yillik eksport hajmi 12,7 million dollarni tashkil etadi. Yillik ishlab chiqarish hajmi esa 575,1 milliard so‘m bo‘lib, 260 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Suhbat davomida xitoylik hamkorlar loyihani “Yashil energiya” tamoyili asosida tatbiq etish taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Viloyat hokimining navbatdagi manzili un va un mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni mo‘ljallagan “Mill Expo” MCHJ qo‘shma korxonasi bo‘ldi. Hokim mazkur loyiha bo‘yicha mutaxassislar bilan suhbatlashdi.


Muloqotda un mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va hudud yer maydonidan samarali foydalanish, tayyor mahsulot ishlab chiqarish va shu orqali ish o‘rinlarini ko‘paytirish bilan bog‘liq taklif, tavsiyalar bildirildi. Shuningdek, shahardagi investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hudud imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda eksport salohiyatini oshirish maqsadida “Angren” EIZ hududining iqtisodiy imkoniyatlari sarhisob qilindi.
Bundan tashqari, Qozog‘istonning “Ecoton Sharq” MCHJ xorijiy korxonasining faoliyati hamda Mustaqillik mahallasida joylashgan “Angren avtobus taksi saroyi” MCHJ chinni idishlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi zavod qurilishi loyihalari ham o‘rganildi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri