Hisobini bilmagan hamyonidan ayrilar...
Maʼlumotlarga koʻra, yil boshidan buyon 1056 haydovchi avtomashinani mast holda boshqargani aniqlangan.
Maʼlumotlarga koʻra, yil boshidan buyon 1056 haydovchi avtomashinani mast holda boshqargani aniqlangan. Bu haydovchilarning 198 nafari karantin tadbiri joriy etilgan vaqtda ana shu qoʻpol qoidabuzarlikni sodir etgan. Toshkent viloyatida esa bugunga qadar mast haydovchilar aybi bilan 5 koʻngilsiz hodisa sodir boʻldi.
Shu sababli biz bu maqolamizda mast holda avtomobil boshqarishning ayanchli oqibatlari haqida fikr yuritamiz.
18-mart kuni Toshkent viloyati Qibray tumanida faoliyat olib borayotgan yoʻl-patrul xizmati inspektorlari “VAZ-21053” rusumli, davlat raqami 01 493 YEVA boʻlgan transport vositasini tekshirish uchun toʻxtatadi. Aniqlanishicha 1992-yilda tugʻilgan haydovchi Umidjon Rustamov boshqaruvidagi bu avtomobil “Toshkent issiqlik markazi” DUKga qarashli ekan. Suhbat jarayonida haydovchi YPX inspektoridan uzoqroq turishga, koʻzini yashirishga harakat qila boshlaydi. Zukko inspektor bu holatni darhol ilgʻab haydovchini tibbiy ekspertizaga taklif etadi. Shifokorlar koʻrigi esa uni spirtli ichimlik taʼsiridan mast holatda ekanini tasdiqlab beradi. Shundan soʻng inspektor unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, transport vositasini jarima maydoniga qoʻyadi.
Xuddi shunga oʻxshash yana bir misol. Maʼlumki, karantin davri yuk avtomobillariga maxsus ruxsatnomalarsiz harakatlanishga ruxsat berildi. Shunday boʻlsada, 20-mart kuni viloyatning Boʻka tumanida xizmat olib borayotgan YPX inspektorlari “MAN” rusumli, davlat raqami 01 137 SEA boʻlgan yuk mashinasini tekshirib koʻrishadi. Tekshiruv vaqtida “BEST POULTRY” MCHJga qarashli transport vositasini ishonchnoma orqali boshqarayotgan haydovchining holati inspektorlarda shubha tugʻdiradi va uni tibbiy koʻrikka taklif etadi. Shifokorlar bu haydovchi ham mast holda transport boshqarganini tasdiqlab beradi.
Ana endi yuqoridagi holatlarni biroz tahlil qilib koʻramiz. Mavjud qoidalarga asosan yuridik maqomdagi transport vositalari yoʻnalishga chiqishdan oldin korxonadagi mexaniklar tomonidan tekshirilishi, haydovchilarning holati esa shifokor koʻrigidan oʻtishi lozim. Bu tekshiruvlarda kamchiliklar aniqlansa yoki haydovchining salomatligi talabga javob bermasa u yoʻnalishga chiqmasligi kerak. Lekin yuqoridagi har ikki holatda ham tekshiruvchilar oʻz vazifalarini bajarmagan yoki transport vositalari ishdan soʻng garajiga kirmasdan haydovchilarning uyida qolgan.
Bu masʼuliyatsizlik esa ikkinchi, oʻta xavfliroq masʼuliyatsizlikni keltirib chiqargan. Yaxshiyamki, inspektorlar ularni oʻz vaqtida toʻxtatib qolgan. Aks holda kim biladi, ular biror-bir koʻngilsizlikni, falokatni keltirib chiqarishi ham hech gap emasdi.
Mast holda transport vositasini boshqargan haydovchilar haqida gapirar ekanmiz, yuqorida keltirib oʻtilgan raqamlarga yana bir bor eʼtibor berishingizni istardik. Balki bu raqamlar kimlar uchundir kamga oʻxshab koʻrinishi mumkin. Lekin masala mohiyatiga chuqurroq nazar tashlaydigan boʻlsakchi? Besh haydovchi qonun va oʻzgalar hayoti oldidagi masʼuliyatni unutib rulga oʻtirgani va bu bilan oʻzining va oʻzgalarning hayotini xavf ostiga qoʻyganini koʻramiz. Bevaqt halok boʻlganlarni esa masʼuliyatsizlik qurboni, desak xato qilmagan boʻlamiz.
Shu oʻrinda mast holda rulga oʻtirmoqchi boʻlgan haydovchilarimizga masalaning boshqa bir tomonini ham eslatib oʻtmoqchimiz. Boringki, siz mast holda transport boshqarib yoʻl harakati xavfsizligi xodimining qoʻliga tushdingiz, aniqrogʻi qonun oldida javob berishingizga toʻgʻri kelib qoldi. Xoʻsh, bunda qonun qanday jazo choralarini koʻzda tutadi? Biz bu haqda avvallari ham bir necha bor yozib, eslatib oʻtgan edik. Shunday boʻlsada bu haqda yana bir bor gapirib oʻtishni lozim deb topdik.
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida bu haqda aniq-ravshan yozib qoʻyilgan: “Haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast holda boshqarishi – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga hamda transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum etishga sabab boʻladi”.
Hozirgi kunda respublikamizda bazaviy hisoblash miqdori 223 ming soʻmligini inobatga olsak jarima miqdori 5 million 575 ming soʻmni tashkil etadi. Bundan tashqari haydash huquqidan mahrum boʻlish, roʻzgʻorini boqib turgan ishidan ham judo boʻlishni, oila daromadsiz qolishini anglatadi. Demak, mast holda mashina boshqarish har tomonlama zararli. Toʻgʻrida, 5 million 575 ming soʻm jarima har qanday oilaning ham daromadiga yaxshigina salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shuncha pulni jarimaga toʻlagandan koʻra roʻzgʻorga, farzandlariga ishlatish yaxshi emasmi? Shu oʻrinda xalqimizning ibratli bir naqli yodga tushadi: “Hisobini bilmagan hamyonidan ayrilar”. Buni izohlab oʻtirishga hojat yoʻq. Xulosani har kim oʻz choʻntagiga qarab, aql bilan chiqarib oladi.
Rustam ASQAROV,
Toshkent viloyati IIBB YHXB
Axborot xizmati boshligʻi,
katta leytenant.