Hisobingizga 100 ming tashladik, kodni ayting...
Yurtimizda naqd pulsiz to‘lov tizimi keng ommalashgan. Biroq, to‘lov tizimlarini rivojlantirish uchun zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish borasida kamchiliklar ham ko‘zga tashlanmoqda.
Sohaga innovatsion mahsulotlarni jalb etish, to‘lov bozorida raqobatni rivojlantirish va odamlarni firibgarlardan himoya qilish borasida Milliy banklararo protsessing markazi direktori Shuhrat QURBONOV bilan suhbatlashdik.
– Karta ishlatgandan ko‘ra, naqd pul yaxshi-ku, degan fikrlar ko‘p aytiladi,– deydi Sh. Qurbonov. – Shuning uchun supermarketga borib, sinov tariqasida kartada va naqd shaklda pul to‘lab, buning uchun qancha vaqt sarflanishini bildik. Kartadan 11 soniyada mablag‘ yechilgan bo‘lsa, naqd pulni to‘lashga 30 soniya kerak bo‘ldi. Endi savdo tarmoqlarida navbatni ko‘z oldingizga keltiring, ayniqsa, yangi yil bayrami oldidan. 31 dekabrda ishdan chiqsangiz, uyga tort olish kerakligi aytildi. Katta navbatda naqd pulning qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, sanalishidan ezilib ketasiz. Agar plastik kartochka bo‘lsa, navbat tezroq harakatga keladi.
Oldinlari avtomobil xarid qilishga odamlar qopda pul olib kelardi va uni ikki kassir yarim kun sanar edi. Yirik pullar bo‘lsa-ku, bir necha soat kerak bo‘lardi.
Naqd pul yaxshimi yoki kartadagimi? Dunyoda bu savolga allaqachon javob topilgan. Ayni vaqtda ularda kartalar og‘irlashmoqda. Misol uchun, bir oy davomida plastikda benzin xarid qilsangiz, keyingi oyda 30 litr bonusga berishi mumkin.
Hayotimizni g‘arbga solishtirsak, bizda hammasi boshqacha. Ular mablag‘ini bir nechta kartada, kamiga bankdagi hisob raqamlarda saqlaydi. Bizning maoshimiz esa bir kartada yoki naqd shaklda turadi.
Misol uchun, million so‘mlik hamyonni yo‘qotsangiz, uni topilishi dargumon. Plastik karta yo‘qolsa, uning pin kodi hamma biladigan to‘rtta 1 yoki 5 bo‘lmasa bankka kelib, hisob raqamini «muzlatish» mumkin. Muhimi, pulingizni yo‘qotmaysiz.
– Naqd pul bemalol bo‘lsada, ayni vaqtda ayrim savdo do‘konlari plastik kartochkadan to‘lov qabul qilishni istamaydi. Shunday ekan, maoshlar to‘liq naqd pulda to‘lansa, nima o‘zgaradi?
– Bizda bir qiziq holat bor. Tadbirkorlar naqd pulni olib bankka topshirsa tekin. Kartadan o‘tsa 0,2 foiz komissiya to‘laydi. Istagan davlatni kuzatsangiz, naqd pul uchun 0,1 foizdan 0,2 foizga to‘lov bor. Negaki, kassir uni olib kelishi, o‘tkazishi kerak.
Qiyoslash uchun o‘zim duch kelgan holatni aytib beraman. Latviyaga borganimda bankka naqd pul qo‘yishimga to‘g‘ri keldi. Qarasam, eshikka yozib qo‘yibdi, «Bankka kelib amaliyot bajarsangiz 5 foiz xizmat haqqi to‘laysiz». Xorijda operator bilan ishlash doim qimmat. Negaki, kassirga maosh berish, ijtimoiy to‘lovlarni to‘lash kerak. Shuning uchun chet elda ishchi kuchi texnologiyaga nisbatan qimmat. Bitta bonkomat qo‘yish, kassirni ish bilan ta’minlashdan arzon. Bonkomatni olib kelasiz va o‘rnatasiz. Boshqa xarajat yo‘q. Biz ham ana shunday rivojlanishga yaqinlashib kelmoqdamiz. Bizda ham ishchi kuchi qimmatlashsa, kassirning ham narxi oshib boradi. Shunda uchta kassirdan ko‘ra, bitta apparat samaraliroq bo‘ladi. Mijozlar ham bankka kelmasdan, masofadan to‘lovlarni amalga oshiradi.
– Darhaqiqat, pandemiya banklarda raqamlashish jarayonini tezlashtirdi.
– Banklarni raqamlashtirish davr talabi. Bunda xarajatlar 7-10 foizga kamaydi. Bunda banklar foydani emas, balki xarajatlarni kamaytiradi. Aslida ham maqsad daromadni oshirish.
Atrofga qarang, oldin bitta bonkamat turgan joyda endi ketma-ket 3-4 bankomat joylashtirilgan. Chunki, banklar o‘rtasida mijoz uchun kurash boshlandi. Terminalni narxi ham uch barobarga arzonlashib, 300 dollardan 120 dollar atrofida bo‘lib qoldi.
Hisoblang, bu qanchalik iqtisodga foyda keltiradi. Ba’zi bonkomatlarga alohida xodim ham biriktirilgan. Ular kartochkani bizni bankimizdan yechib oling, deb taklif bildirmoqda. Zero, banklar endi plastik kartochkani bir-biridan ajratmay qo‘ydi.
Oldin, faqat o‘zi bergan karta egalariga xizmat qilardi. Kartochkalar narxi ham 25 ming so‘mdan 6 ming so‘mga tushib qoldi. Demak, iqtisodiy effekt oshmoqda.
– Bonkamatlar soni oshgani bilan naqd pulning umumiy hajmidan bir foiz olib qolish hamon davom etmoqda. Bu qachondir to‘xtaydimi?
– Bir narsani inobatga olish kerak. Bozor iqtisodiyotining talablarida foyda olishga intilish bor. Banklar esa tijorat tashkiloti sifatida foyda olmasa ishlagisi kelmaydi. Ular bonkomatni sotib oldi, pul olib boradigan inkassator belgiladi, joy oldi, elektrga uladi, kamera o‘rnatdi. Bu xarajatlarni qoplab turish kerak. Esingizda bo‘lsa, bir vaqtlar 15-20 foizga, tanish topsak 10 foizga pul yechardik. To‘g‘ri, tekin qilsa ham bo‘ladi. Lekin bir yildan keyin bankomatda pul bo‘lmaydi. Yana tanish –bilish qidirishni boshlaymiz.
– Aholining moliyaviy savodxonligi maqtaladigan daraja emas. Yoshi kattalar bonkomatlardan foydalanishdan ko‘rqadi.
–To‘g‘ri, pandemiyada bu masalaga ko‘p duch keldik. Yoshi ulug‘ insonlar plastik kartochkadan foydalanishga cho‘chiydi. Bonkomat pulimni bermasa nima bo‘ladi? Kartochkani olib qolsa nima bo‘ladi? kabi tashvishli savol berishadi. Kartamdan pul yechib ber, yonidagi odamlardan iltimos qilishadi. Kodni ham aytib turishadi. Vaholanki, xorijda bitta odam bonkomat yonida tursa, keyingisi bir metr uzoqda turadi, bu etika.
Biz kartadan foydalanishni muhokama qilib turganda, xorijda telefondan foydalanish boshlandi. Misol uchun, Rossiyaga borsangiz ham karta, ham telefondan foydalanadiganlar ko‘p. Telefonni ortiga o‘rnatilgan chip orqali istalgan to‘lovni amalga oshirish mumkin. Bu hamma uchun qulay. Negaki, hozirgi davrda inson pasportini, plastik kartochkasini esdan chiqarishi mumkin, lekin telefonni hech kim uyda unutib qoldirmaydi.
– Siz aytayotgan yangi texnologiyalar tufayli firibgarlik xavfi ham ortib borishi kuzatilgan. Aslida yangi texnologiyalar har doim ham foydalimi?
– Yangi texnologiya kelgandan keyin uni o‘rganmaguncha qo‘rquv, firibgarlik xavfi ham yuqori bo‘ladi. "HFC" ham telefondagi yangi texnologiya. To‘g‘ri, hozirda telegramm kanalimizga kuniga 5-6 ta kartadan pul o‘g‘irlangani borasida shikoyat kelib tushmoqda.
Ko‘pchilik kartasidan qanday pul o‘g‘irlab ketishganini bilmaydi, karta qo‘limda-ku, deydi. Kartadan kartaga pul o‘tkazgandan keyin sizdan tasdiqlash kodini so‘raydi. U sizning shaxsiy kodingiz. Kodni hech kimga bermang, degan ogohlantirish ham keladi.
Aslida bu oddiy sxema bo‘lsada, har safar yangi kod keladi. Shunday odamlarni bilaman, shaxsiy kodni 4-5 martalab begonalarga aytgan.
Misol uchun, birinchi marta 100 ming ketgan va sms kelgan. Biroq, telefon qilib, o‘tmadi, yana ayting, deb 500 ming yechgan. Keyin yana. Xullas, kartadagi barcha pulni firibgarlar yechib olgan.
Firibgarlar ko‘pincha kechki payt telefon qiladi. Bunda ular insonning kun davomida ishlab charchaganini hisobga oladi. "Siz yutuqqa ega bo‘ldingiz", deb 5 ming tashlab qo‘yadi. Keyin, "iye, 100 ming yubordim, 5 ming tushdimi", deydi. Pul tushib turibdi, ishonasiz. Qolganiga kod kerak ekan deydi va siz o‘zingiz bilmagan holda kodni aytib, barcha pulingizdan ayrilasiz. Yoki telegramma kanalga 200 odam qo‘shsangiz, 50 ming beraman deydi. Pul tashlayman, deb karta raqamini so‘raydi, keyin kodni. Shu tariqa hamma puldan ayrilasiz. Agar diqqat bilan o‘qisangiz, shaxsiy kodni hech kimga aytmang, degan yozuv hamisha keladi. Biz esa o‘qib ham ko‘rmaymiz. Bunday e’tiborsizligimiz ancha qimmatga tushishi mumkin.
O‘zA muxbiri Sayyora SHOEVA suhbatlashdi.