Hindistonning Acharya instituti rahbariyati Jizzax viloyatida
Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Hindistonning Karnataka shtatidagi Acharya instituti faoliyati bilan yaqindan tanishib qaytgan edi. Ushbu institut rahbariyati bilan ishsiz yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish masalalari muhokama qilingan va hindistonlik malakali kadrlarni Jizzax viloyatidagi “Ishga marhamat” monomarkazi bilan hamkorlikda faoliyat olib borishi bo‘yicha ham kelishib olingan edi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Acharya instituti va Jizzax viloyatidagi Sambhram instituti filiali o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhokama qilinib, institut vakillarining joriy yil 25-26 avgust kunlari Jizzax viloyatiga tashrifini amalga oshirishga kelishib olingan edi.

Mazkur kelishuvga asosan, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev Acharya instituti kansleri va ijrochi direktori Shalini Priyadarshini Reddi Dasani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv davomida axborot texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni jaddalashtirishga, mahalliy va Acharya instituti o‘qituvchi kadrlar o‘rtasida tajriba almashish maqsadida malaka oshirish kurslarini tashkil qilishga kelishib olindi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Sambhram institutining Jizzax shahridagi filiali faoliyati va talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.
A.Qayumov, O‘zA