Hindistondagi elchimiz Maxarashtra gubernatori bilan uchrashdi
O‘zbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev Maxarashtra shtati gubernatori Chandrapuram Radxakrishnan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida asosiy e’tibor ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasiga qaratildi. Mintaqalar ishtirokida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Mezbonlarga yurtimizda so‘nggi yillardagi islohotlar jarayonida erishilgan yutuqlar, xorijiy sarmoyadorlar va ishbilarmonlar uchun yaratilayotgan qulay muhit haqida ma’lumot berildi.
– Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin, do‘stona munosabat, olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, xalqlarimizning ko‘p asrlik aloqalari sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi va bu jarayonda mintaqalararo yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda, – dedi S.Rustamboyev.
Tomonlar savdo va iqtisodiyot, investitsiya, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, turizm, madaniyat, ta’lim sohalarida sheriklik ko‘lamini kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar. O‘zbekiston shaharlaridan biri va Maxarashtra shtati ma’muriy markazi – Mumbay o‘rtasida qardoshlik rishtasini o‘rnatish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA